Kecha Bishkekda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 6-sammiti o’tdi. Bugun esa Rossiyaning Chelyabinsk oblastidagi Chebarko’l shahrida ShHTga a’zo davlatlar harbiylarining qo’shma mashqlari o’tkazilgan.
G’arb matbuoti nazdida ShHT sharqda NATO bilan raqobatlasha oladigan harbiy blokka aylanishi mumkin.
G’arbda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti harbiy blokka aylanishi mumkin degan xavotirlar mavjud. Bu fikrlar Rossiya va Xitoy qudrati, Eron va Pokistonning ShHT bilan yaqinlashishga urinayotgani sababli paydo bo’lgan bo’lishi mumkin.
Ammo rossiyalik tahlilchi Ajdar Kurtov fikricha, bu xavotirlar o’rinsiz. ShHT faoliyatidan maqsad - asosan o’z tarkibidagi davlatlar xavfsizligini ta’minlash. Ammo Ajdar Kurtovning aytishicha, ShHT faoliyati harbiy tusda bo’lmasa-da, xavfsizlik, iqtisodiy hamda siyosiy hamkorlik ko’rinishida rivojlanmoqda.
Qozog’istonlik siyosatshunos Bo’rixon Nurmuhammedov ta’biricha, Chebarko’lda o’tayotgan harbiy mashqlar va Pokiston, Eron kabi davlatlarning ShHT bilan yaqinlashishga urinishi hech narsani anglatmaydi. Qozog’istonlik siyosatshunos tashkilot kengayishi uchun avva l unga a’zo davlatlar o’zaro kelishmovchiliklarni hal qilib olishi kerak degan fikrda.
“ShHT ichida murosa yo’q. Uning tarkibidagi davlatlar o’z milliy manfaatlari doirasida harakat qilmoqda. Biri ma’qullansa, ikkinchisi tanqid qilinmoqda”, - deydi Bo’rixon Nurmuhammedov.
Qirg’izistonlik tahlilchi Imomberdi Jalilov esa ShHT harbiy blokka aylanishi eng avvalo AQShni xavotirga solayotganini aytadi.