Breaking News

Markaziy Osiyo taraqqiyotini Shanxay Hamkorlik Tashkiloti belgilaydi


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga asos solinayotganda u keyinchalik bunday yirik tashkilotga aylanishi kutilmagan edi.

Markaziy Osiyo kelajagi va taraqqiyotini G’arb emas, balki Rossiya va Xitoy yetakchichilidagi ShHT belgilab beradi.

O’zbekistonlik jamiyatshunos, tarix fanlari nomzodi Rafiq Sayfullin fikricha, 2002-2003 yillarda Markaziy Osiyoda mustahkam o’rnashgandek tuyulgan AQSh bir qancha xatolarga yo’l qo’ygan.

"Nazarimda amerikaliklar Markaziy Osiyoda mustahkam o’rnashib olishda bir qator xatolarga yo’l qo’yishdi. Birinchidan, amerikaliklar mahalliy davlatlarning kutilgan moliyaviy ko’mak olmaganliklaridan norozi ekanini sezmadilar. Ikkinchidan, Vashshington bu davlatlarning AQShdan naqadar mustaqil ekanini to’g’ri anglay olmadi".

Amaliyot shuni ko’rsatmoqdaki, deydi olim, sovet davrida qurilgan o’zaro aloqalar hali unchalik darajada yo’qolmagan.

"Mana shular tufayli AQSh regionda birlashtiruvchi kuch rolini o’ynay olmadi. Buni istamadi ham. Ular Markaziy Osiyoni yagona deb qabul qilmadi va haligacha qabul qilmayapti. Lekin har qanday holatda ham hech kim Amerika bilan hamkorlikdan yuz o’girmayapti. Xitoyni Markaziy Osiyo yangi tarixida yangi o’yinchi deb bilish mumkin. Xitoy Markaziy Osiyoni yaxlit holda ko’rayotgani ajoyib. Xitoy O’zbekistonning ShHTga a’zo bo’lishida faol harakat qilgan edi. Xitoy O’zbekiston va Tojikistonda ko’p ishlar qilmoqda. Lekin Xitoy regionda nafaqat Rossiya, balki boshqalarning ham qarshiligiga uchraydi,”- deydi Rafiq Sayfullin.

Tojikistonlik huquqshunos Karimjon Atayevning fikricha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti oldida regional iqtisodiy birlikni ta’minlashdek og’ir vazifa turibdi. Uning aytishicha, tashkilot rahbarlari birinchi galda Tojkiston va O’zbekiston o’rtasidagi sovuqlikni tugatishga harakat qilishi kerak.

Tashkilot sammitidan oldin O’zbekiston televideniyesi orqali ikki kun mobaynida Tojikistonga qarshi ruhda berilgan ko’rsatuvlar oradagi munosabatlar salbiylashganini anglatadi deydi ovozi yozib olinishini istamagan huquqshunos Karimjon Atayev.

Dushanbelik professor Iskandar Asadulloyev Pekinda o’zbeklar tomonidan Zarafshon daryosida bunyod etilishi mo’ljallangan GES (Gidroeletrostansiya) qurilishiga qarshi e’tiroz bo’lganini aytadi.

Bishkekdagi sammitda so’z olgan O’zbekiston prezidenti Islom Karimov ham xuddi shu masala – Tojikistonda GESlar qurilishini xalqaro ekspertlar tomonidan ko’rib chiqilishi zarurligini ta’kidlagan.

Bu esa mintaqa mamlakatlari o’rtasida hal etilishi lozim bo’lgan jiddiy ziddiyatlar borligi va uning ancha salmoqli ekanidan darak beradi.

Rossiyalik mustaqil siyosatshunoslardan birining fikricha, Markaziy Osiyoda bunday ziddiyatlarning bo’lishi regionni Rossiya tizginida ushlab turishiga xizmat qiladi. Uning aytishicha, na Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, va na Rossiya bu mavzuga jiddiy qo’l uradi.

“Chunki bu ixtiloflar kimlardir aytayotgandek, tashkilotning zaiflashishiga emas, balki aynan jipslashishiga xizmat qilivchi omil sifatida ko’riladi”, - deb fikr yuritadi tahlilchisi.

XS
SM
MD
LG