Breaking News

Rahbarlar fuqarolarning shikoyat-murojaatini javobsiz qoldirmoqda


Ba’zi o’zbekistonliklar fikricha, fuqarolarning muayyan masalalar va muammolar bo’yicha murojaatlariga rahbarlar yetarli e’tibor bermayapti. Bu esa amaldagi qonunlarning buzilishiga olib kelmoqda.

Aksariyat hollarda yuqori idoralarga yo’llangan yozma murojaatlar o’z manziliga yetib bormayapti yoki mahalliy rahbarlarga qaytarib yuborilmoqda. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, mazkur jarayon haqiqatni ochiq aytuvchilar, rahbarlarga xush kelmaydigan savollar beruvchi fuqarolar sonining kamayishiga olib kelgan.

O’zbekiston prezidenti tomonidan aytilayotgan gaplar, ko’rsatilayotgan nuqsonlar rahbarlar tomonidan to’la-to’kis bajarilganda edi, xalqning rahbarlarga beradigan savoli ham qolmasdi, deydi mana bu ayol. Aksincha, ko’zbo’yamachilig-u kamchiliklar tugatilmas ekan, aholining rahbarlarga beradigan savoli ham ko’payaveradi:

“O’sha rahbarning boshiga qush qo’nganda rahbar bo’lgan, shuni ravo ko’rgan olloh-taollo. Endi o’sha mavqeidan foydalanib rahbarlar ham ozgina insof-tofiqli bo’lsa, yaxshi bo’larmidi. Ozgina xalqqa yengillik tug’dirishga harakat qilishadi rahbarlar ham, endi yana-da yengillik qilishsa undan ham yaxshi bo’lardi. Muammodan ko’pi yo’q, misol uchun oziq-ovqatlar, eng kerakli narsalar arzon bo’lsa. Keyin so’z erkinligiga ko’proq yo’l ochib berishsa, o’zining fikrini ochiq aytsa odamlar, ularning boshida yong’oq chaqishmasa”, - deydi ismini bildirishni istamagan ayol.

Bugun Qoraqalpog’istonda ham ishsizlik muammosi dolzarb bo’lib turgan ekan, bu muammo to’g’risidagi savollar ham rahbarlarga yoqmasligi turgan gap, deydi qoraqalpog’istonlik ziyoli Davlatboy Etemboyev:

“Xalqdan beriladigan savollar rahbarlarga yoqmaydigan savollar. Yoshlarga ish topib berish kerak, eng birinchi, bosh masala bu. O’zbekistonda hozir ishsiz ko’p yoshlar orasida, xoh o’rta ma’lumotli bo’lsin, xoh yuqori ma’lumotli bo’lsin. Masalan, o’zimning ikki bolam ishsiz. Qishloqdanmiz o’zimiz, Qoraqalpoqdan. Murojaat qilgan bilan ish topib berolmaydi. Ish topib berish uchun mablag’ yo’q kolxozlarda. Oylikka oqcha yo’qligi sababli yoshlarni ushlab turolmaydi. Yoshlar bizning Qoraqalpog’istonda ko’pi Qozog’istonga ketyapti, Rossiyaga ketib ishlayapti. O’zim ham ilm nomzodiman, oladigan oyligim bola-chaqam bilan o’zimga zo’rg’a yetadi. Rahbarlar yoshlarga, yoki ish izlab kelgan odamlarga tushuntirib, nima ishlaganda, qalay ishlaganda u bola-chaqani saqlash uchun, o’zini saqlash uchun ish haqi olishi kerak, shuni tushuntirib berishi kerak”, - deb hisoblaydi Davlatboy Etemboyev.

Agar barcha rahbarlar ham xalqning savollariga quloq tutishga imkon topganlarida edi, bugun turli sohalardagi muammolar anchagina kamaygan bo’lardi, deydi jurnalist Barno Isoqova.

“Rahbarlar xalqning savollariga javob berishi 80 foiz deb hisoblayman. Agar yana 20 foiz javob berganda edi, ko’proq muammolarimiz hal bo’lar edi. Men o’zim ham jurnalistman, gazetada ishlayman, meni ham mana shu muammolar qiynaydi. Ayniqsa viloyatlarimizda, tumanlarimizda mana shunday holat kuzatiladi har doim. Ko’proq ichimlik suvi masalasida, yoki gaz masalasida yoki kutubxonalar, bolalarning, maktablarning sharoiti ko’pchilikni qiziqtiradi. Agar mana shu savollarga 100 foiz javob berishga harakat qilsa rahbarlar, hokimliklar deymizmi, shikoyatlar kam bo’lardi menimcha. Izlanishni xohlashmaydi ko’pchiligi, shuning uchun shunday savollarga javob berishni xohlashmaydi. Xalqdan savol tushmaydi o’z-o’zidan, xalqning muammolari paydo bo’lmaydi o’z-o’zidan,”, - deydi jurnalist.

Ayni paytda mahalla rahbarlari ham aksariyat kam ta’minlangan oilalar dardiga malham bo’la olmayapti, deydi ba’zi tinglovchilarimiz. Kam ta’minlangan oilalarga yordam berish, ular savollariga javob qaytarish o’rniga, ba’zi mahalla rahbarlari ularni turli idoralarga yuborib ovorayu-sarson qilishayotganini aytadi Muhabbat Eshmuhammedova:

“Men kam ta’minlangan, boquvchisini yo’qotgan oila hisobidaman. Mahallada yordam puli yoki bola puli olish uchun murojaat qiluvdim, shunda aytishdi-ki oyligingiz cheklangan summadan oshib ketsa berishga haqqimiz yo’q, prokuraturaning qog’ozi bor bizda, deyishdi. Men aytdim-ki “gazetada yozilgan, kam ta’minlanganlarga cheklanmasin, deb aytilgan” deb, olib borib ko’rsatdim. “Siz maslahatxonadan, advokaturadan javob olib keling” deyishdi. Bordim, ular: “nima, prezidentning qarori sizlarning mahalla komissiyasiga taalluqli emasmi? Berishlari kerak, sizlarga cheklanmasligi kerak”, deyishdi. Menga esa mahalla komissiyasi “prokurorning buyrug’i, undan ortiq hech narsa qilolmaymiz”, deyishdi. Xafa bo’lib, yig’lab chiqib ketayotganlarni ko’rdim. Men istardimki, rahbarlarimiz iloji boricha, prezidentimizning qarorlarini amalda bajarishsayu, xalqqa yon bosishsa, xalqni yaqindan tushuna bilishsa,” - deydi Muhabbat Eshmuhammedova.

Talaba Saodatning fikricha, bugun ba’zi o’quv yurtlari rahbarlari ayrim talabalarning o’qishga kelish-kelmasligiga befarq qaramoqda. Talabalar esa bu xususda rahbariyatga savol bilan murojaat qilish o’zlari uchun noxush oqibatlar keltirishidan cho’chishadi:

“Darsga kelmaganlarga jiddiy chora ko’rilmaydi hech qachon. Doim ilingan bahosini olsa ham yana davom ettiraveradi o’qishini. Oxiri bunday natijada kadrlar yetishishiga putur yetadi, tajribasiz kadrlar juda ko’plab yetishib chiqadi. Tajribalilar esa bir chetda halol mehnat qilib qolib ketadi. Rahbarlar jiddiy qarashi kerak talabalarning tarbiyasiga. Talabalar o’z domlasiga, rahbariyatiga bu haqda gapirishga qo’rqadi, chunki u rahbarlarning qo’lida bo’ladi talabaning ixtiyori. Agar qattiqroq javob qaytarsa yuziga, to’g’ri gapirsa ham u rahbarlar “bu menga gap qaytardi” deb uni chetlashtirishi mumkin halol talabalarni. Talabi javobsiz qolib ketaveradi”, - deydi Saodat.

Mana bu qizlarga ko’ra, aholi o’z dardu-hasratini, savollar-u muammolarini hukumat rahbariyatiga yetkazish uchun maktublar ham yozim turishadi. Biroq bu maktublar aksariyat holda yuborilgan joyga yetib bormaydi. Maktub egasi esa jazolangan hollarning guvohi ham bo’lishganini aytadi qizlar:

“Ko’pgina qishloqlarda, viloyatlarda o’zlarini yechilmagan muammolarini, qiziqtirgan savollarini shaxsan prezidentning o’ziga yuborishadi, lekin u prezidentga yetib bormaydi. Qandaydir usul bilan ular yo’qolib ketadi, umuman yechilmasdan qolib ketadi. Shu holatni hal qilish kerak, yoki qanaqadir bir ko’rsatuv ochilishi kerakmi, shaxsan borib shu xatlarning, muammolarning yechilishiga qaratilgan”.

“Bizning qishlog’imizda bizdan bitta sinf oldingi qiz xat yozgan-da prezidentning nomiga. U prezidentga yetib bormagan, viloyat hokimligidan kelishgan va u qizni so’roq-javob qilishgan. Maktabdan haydalib ketgan o’sha qiz. 11-sinfda o’qirdi, biz bitta keyingi sinfda, 10-sinfda o’qirdik. U maktab direktori haqida yozgan, haydashgan shu qizni maktabdan. Mana shundan bilishimiz mumkin xatlar yetib bormasligini. O’z obro’lariga putur yetadigan maktublarni chiqarmaydi ular. Biladi rahbarlar ishning ko’zini”, - deydi suhbatdoshlar.

XS
SM
MD
LG