O’zbekistonda mustaqillik ayyomi nishonlanmoqda. Toshkentning yuragida o’tadigan katta bayram tomoshasi – mustaqillik konserti sahnasiga chiqish o’zbek san’atkorlari uchun xalq e’tibori va mehrini ovlash uchun imkoniyat.
Shu sabab bu tadbirda ishtirok etishning turli yo’llari va usullari ishga solinadi. Ayrim xonanda va sozandalar chetda qolayotganidan norozi.
O’zbekistonda har yili mustaqillik bayrami katta dabdaba bilan nishonlanadi. Bu bayramga tayyorgarlik yarim yil oldin boshlanadi. Ba’zi san’atkorlar fikricha, mustaqillik bayrami konsert dasturida ishtirok etish mashhurlik mezoniga aylanib bormoqda.
Biroq ayrim xonandalar uzoq yillardan buyon bu bayram dasturida ishtirok eta olmayotganini aytmoqda. Xonanda Mohira Asadova o’zining katta bayram konsertlarida qatnashishi man etilgani boisini tushunmayotganini aytadi:
“Har yili mustaqillikdan oldin yo Navro’z bayramidan oldin ko’rik bo’ladi. Qo’shiq yaratib boraman-da, “ha, bo’ldi, o’tdingiz-o’tdingiz” deb turishib, bayramga bir hafta-o’n kun qolganda meni ro’yxatdan olib tashlashadi. Men yana kimga murojaat qilishimni bilmayman. Nima sababdan, nima uchun mening qo’shig’imni olib tashlashdi? Nima uchun men bunaqa bayramlarda ko’rinmayman. Men hali biron marta na Navro’z bayramida, na Mustaqillik bayramida ishtirok etmaganman. Nahotki mening qo’shiqlarim ana shu bayramlarda ishtirok etayotgan boshqa qo’shiqchilardan tubdan farq qilsa”? - deydi xonanda.
Mohira Asadova uzoq yillardan buyon respublika televideniyesi va radiosi hamda bayram konsertlarida chiqishi man etilganini o’zining insoniy va ijodiy huquqlari poymol etilishi deb biladi.
“1994 yildan mana shu bugunga qadar O’zbekiston televideniyesi va radiosi orqali beriladigan ko’rsatuv va eshittirishlarda mening qo’shiqlarim, menga umuman noma’lum bo’lgan sabablarga ko’ra berilmaydi. Men murojaat qilmagan mutasaddi muassasalarim, tashkilotlarim qolmadi. Xususan, O’zbekiston televideniyesi va radiosi qoshidagi rahbariyatga, haqiqat izlab prezident devoniga 12 marotaba xat yozdim".
Xonanda prezidentga ham maktub yozgan.
"Ombudsman, ya’ni inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha Toshkentdagi vakolatxona rahbariyatlariga ham mana shu savol bilan murojaat qildim. Mening insoniy huquqlarim, ijodiy huquqlarim poymol bo’layapti. Men demokratik respublikada yashayapman, hurmatli prezidentimiz “yosh ijodkorlarni qo’llab-quvvatlanglar, kerak bo’lsa, men o’zim har qancha yordam bo’lsa beraman” deb turgan joylarida nima asosda meni ko’rsatishmaydi? Nima aybim bor? Men siyosatga aralashdimmi yo men xalq dushmani bo’ldimmi, yoki biror bir noo’rin, nojo’ya hatti-harakt qildimmi”?
“O’zbeknavo” konsert-gastrol birlashmasining ismini oshkor etishni istamagan mulozimi fikricha, mustaqillik bayramida estrada blokiga chiqishni istagan va ariza bilan murojaat etgan barcha xonandalar maxsus kengash ko’rigidan o’tadi. Bu yil ham 600 ga yaqin qo’shiq eshitilgan. Unga ko’ra, bayram dasturida ishtirok etish hech qaysi xonandaga man etilmagan.
“Mardi-maydon, marhamat, kim yangi ashula yozsa, etingizni jimirlatib aytadigan bo’lsa. Kim uni “yig’ishtirib qo’y bu yoqqa” deydi? Hozir 35 minutdan ortiq berilayapti estrada bloklariga. Oldingiday 10-15 minut emas. Bu yolg’on gaplar. Men ham o’qib turibman gazetalarda, go’yo falonchi doim chiqadi, pismadonchi hech qachon chiqmaydi. Masalan, Yulduz Usmonova har yili finalbop ashula qilsa, ayb bizdami? Mana, yoshlar qancha chiqayapti. Yangi-yangi ohanglar topgandan keyin, ayb kimda? U qolgan gaplar, bo’lmagan gaplar. To’y repertuarini olib keladi bir xillar. Yoki bo’lmasa eski qo’shig’ini olib keladi... Yuragini berib ishlaydigan odamlarni hech kim kamsitayotgani yo’q, marhamat”, - deydi “Ozbeknavo” konsert birlashmasi mulozimi.
Xodim Mohira Asadovaning bayram konsertlarida ishtirok etmasligi sababini uning qo’shiqlari kengash ko’rigidan ijobiy baholanmagani bilan izohlaydi.
“Mohiraxon har gal keladi, bizda qatnashadi. Dastlabki bosqichlardan o’tadilar. Endi, bir xil kuy, bir xil uslub bo’lib qolmasligi kerak-da. Demak, o’sha o’tirgan komissiyadagilarga qaysidir jihati to’g’ri kelmagandir”, - deydi u.
O’zbekistonning Mustaqillik va Navro’z bayrami dasturlarida xalqning sevimli hofizlari Sherali Jo’rayev va Dadaxon Hasanov qo’shiqlari ham yangramaydi. Hofiz Dadaxon Hasanov buning boisi haqida shunday deydi:
“Bizda qadim-qadimdan xalqning san’atkori bo’lgan. O’sha davlatning, podsholarning, kattalarning san’atkori bo’lgan-da. Bir-ikkita guruh hamisha bo’lgan. O’sha hozir ham mana, davom etib kelayapti. Ularning qolipiga tushmaganligim qadim-qadimdan buyon. Masalan, mening qo’shiqlarimda unaqangi maddohlik yo’q edi ilgari ham. Na hukumatni, na davlatni, na bugungi siyosatni, na o’sha siyosatni maqtaganman. Shuning uchun bularga yoqmagan bo’lsam kerak”, - deb hisoblaydi hofiz.
O’zbekistonda mustaqillik hamda Navro’z bayramlari konsert dasturlarida qatnashish xonanda va raqqosalar uchun ommaviylikni ta’minlovchi mezon sifatida ahamiyat kasb etib bormoqda.
Biroq ba’zi san’atkorlar so’nggi yillarda bunday katta bayram dasturlarida ishtirok etishda tanish-bilish hamda pul muomalasi yetakchilik qilayotganini aytishmoqda. Lekin bayram dasturi mas’ullari bunday fikrlar asossiz ekanligini urg’ulasaytadi.