Breaking News

Islom Karimov bayramda saylov haqida gap ochmadi


1 sentyabr kuni O`zbekiston mustaqilligiga 16 yil to`ldi.

Hukumat mamlakatdagi ijobiy yutuqlar va iqtisodiy o’sish haqida gapirmoqda. Ammo kuzatuvchilar nazarida O’zbekistondagi iqtisodiy ahvol jiddiy tashvishga loyiq.

O`zbekiston mustaqilligining 16 yilligi an’anaviy tarzda poytaxt markazi mutlaq o`rab olingan, shahardagi aksariyat ko`chalarda harakat to`xtatilgan bir sharoitda tantana qilindi.

Bu tantanalardan oldin 30 avgust kuni O’zbekiston Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi va prezident devonining qo’shma yig’ilishi o’tkazilgan.

Yig’ilishda salkam ikki soatga yaqin nutq so’zlagan O’zbekiston prezidenti mustaqillik tarixi, mazkur yillar mobaynida hukumat tomonidan amalga oshirilgan ishlarni birma-bir sanab o`tgan.

Prezident barcha sohalarda taraqqiyotga erishilganini urg’ular ekan, O`zbekiston o`tish davrini 2000-yillarga kelib ortda qoldirganini ta`kidladi.

“Mamlakatimiz va xalqimiz hayotida ulkan iz qoldirgan o`tish davri tom manoda tarixiy ahamiyatga ega bo`lgan davr bo`ldi. 2001 yildan 2007 yilni o`z ichiga olgan ikkinchi bosqich faol demokratik yangilanishlar, mamlakatni modernizatsiya qilishda, iqtisodni barqaror rivojlantirishda, siyosiy hayotimiz, qonunchilik, ijtimoiy gumanitar sohalarni izchil isloh qilishni ta’minlashda g`oyat muhim davr bo`ldi”, - deb ta’kidladi prezident o`z nutqida.

Ko`pchilik Islom Karimov O`zbekistonda prezidentlik saylovlari masalasiga aniqlik kiritadi deya kutgan edi, ammo davlat rahbari dekabrda kutilayotgan bu saylovlar haqida emas, 2009 yilda belgilangan parlament saylovlarini eslatib, siyosiy partiyalarni faollashishga chaqirdi.

Prezident nutqini diqqat bilan eishitgan kuzatuvchilar yuqori minbardan berilgan axborotni shubha ostida ko`rishadi.

Ekspert Toshpo’lat Yo’ldoshevga ko`ra prezident tomonidan sanab o`tilgan yutuqlarga xalq ishonadi deb o`ylash xato bo`lardi.

“O`zbekiston iqtisodining o`sishi boshqa MDH davlatlaridan ancha tez bo`lganiga prezidentni o`zi ishonadimi, degan bir savol paydo bo`ldi menda. Chunki bu darajada yolg`on gapirish, axir prezident uchun bunaqa deyish mumkin emas. Bizni xalqimiz savodli, boshqa mamlakatlarga borib kelib yurgan xalq axir, bizni fuqarolar bilan avom xalq deb bunchalik gaplashish kerak emas”, - deydi prezident nutqini tinglagan Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Eskpertning o`zi esa O`zbekiston mustaqilligi borasidagi munosabatini shunday izohlaydi:

“O`zbekiston mustaqillikka chiqdi, lekin men va menga o`xshaganlar mustaqillikdan bu narsalarni kutgan emas edik. Mustaqillikka erishib, boshqa mamlakatlardan qolib ketdik, mamlakat raqobatbardoshligi yo`qoldi, xalqning ahvoli yomonlashdi. Shuning uchun ham bu mustaqillik bayrami biz uchun bayram bo`lmay qoldi. Faqatgina katta-katta amaldorlar, mamlakatni talon-taroj qilayotganlar uchun bayram bo`lib qoldi, biz uchun emas”, - deydi Yo’ldoshev.

Muxolifat vakillari bayram haqida fikr bildirishar ekan, mustaqillik yillarida yuzlab faollar mamlakatdan quvg`in qilinganini ta`kidlab o`tishadi.

XS
SM
MD
LG