Breaking News

Qo'shma Shtatlar oliygohlarida e'tiqod va din nozik masala


Musulmonlar va yahudiylar haqida gap ketganda ko’pchilikning hayoliga Yaqin Sharq va uzoq yillik adovat kelsa ajabmas. AQShda masalani nafaqat ommaviy axborot vositalari va matbuotda, hatto maktablar va oliygohlarda ham chetlab o’ta olmaysiz.

Kimdir bahs qilyaptimi, xoh ilmiy, xoh norasmiy bo’lsin, Isroil va Falastin nega yarim asrdan beri, musulmonlar va yahudiylar nima uchun asrlar davomida kelisha olmayotgani haqida fikr almashishayotgan bo’lsa kerak deb o’ylaysiz.

Darvoqe, bu munozaralarda nasroniylar ham jim o’tirmaydi. AQShda o’qishni orzu qilib yurganlar din va e’tiqod bu mamlakatda muhim omil ekanini bilib oladi.

AQSh janubidagi Atlanta shahrida joylashgan Ogltorp Universiteti (Oglethorpe University) prezidenti Larri Shol – yahudiy. Lekin Musulmon talabalar uyushmasi maslahatchisi.

“Ikki yil avval Ogltorp Universitetiga kelganimda din va e’tiqod haqida juda kam gapirilar edi. E’tiqod qiluvchilar oz edi”.

Hozir manzara ancha o’zgacha. O’tgan yili universitetda nasroniy faollar yangi tashkilot (Campus Crusade) ochdi.

Atlantada katta bo’lgan Nataniel Goldman esa Yahudiylar Talabalar Uyushmasiga (Jewish Student Union) asos soldi. Uning do’sti Mustafo Abdulla Musulmon Talabalar Ittifoqini (Muslim Student Alliance) tuzdi.

Ogltorp Universitetida musulmonlar ko’p emas – chamasi 12 kishi. Biroq Musulmon Talabalar Ittifoqiga qariyb 80 student a’zo. Mustafo Abdullaning aytishicha,

“Ustivor maqsadimiz – islomni tushunish, anglash. Shunday ekan, musulmon, nasroniy, yahudiy yoki hindu ekanidan qat’iy nazar, talaba kelib, fikr bildirishni, odamlarni birlashtirishni, nima yaxshi va nima yomon ekani haqida birgalikda mulohaza qilishni istaydimi, demak, u guruh a’zosi”.

Din nima? Uning maqsadichi? Dinlar o’rtasida farq bormi? Shu kabi masalalarni muhokama qilish uchun musulmon, yahudiy va nasroniy guruhlar vakillari har oy yig’ilib turadi.

Ana shunday uchrashuvlarning birida yaqinda musulmon talabalar payg’ambar Muhammad haqida film namoyish etdi. Yahudiy va nasroniy studentlar esa tadbirga o’z diniy taomlari bilan tashrif buyurdi.

Yig’ilishlarda qatnashchilar Yaqin Sharq, Isroil va Falastin haqida so’z ochmaslikka harakat qiladi. Mustafo Abdulla fikricha, bu mavzular bosh maqsad, ya’ni islomning mohiyatini tushuntirishga halaqit beradi, odam e’tiborini chalg’itadi.

“Siyosat umuman boshqa mavzu. Biz islom dinini, uning o’zga dinlar bilan munosabatini o’rganamiz. Aksariyat siyosiy mojarolarning esa mohiyatan, dinga aloqasi yo’q”.

Biroq Ogltorp Universiteti prezidenti Larri Shol dinlarning jahon tarixi, siyosati va bugungi hayotidagi rolini muhokama qilish zarur deb hisoblaydi.

“Talabalar siyosatchilarni va diniy yetakchilarni universitetga taklif qilib, dolzarb masalalarni muhokama qilishni istaydi”.

Yoshlar global masalalar asosi nimada ekanini, ularning ildizi nimaga taqalishi haqida qancha ko’p o’ylasa, shuncha yaxshi, deydi ustozlar. Chunki izchillik va keng dunyoqarash kishini toqatli bo’lishga va har qanday qiyin vaziyatda yo’l topa olishga o’rgatadi.

Tarixan nasroniylar yurti bo’lib kelgan Amerikada bugun sakkiz millionga yaqin musulmon yashaydi. Yahudiylar esa Qo’shma Shtatlarda besh yarim millionga yaqin. 300 milliondan ortiq kishi yashovchi jamiyatning kichik, biroq muhim o’zaklari.

Qaysi oliygohga bormang, talabalarning diniy tashkilotlariga ko’zingiz tushadi. Ayrim siyosatdonlar nazarida dunyoda mafkuralar-aro kurash avj olar ekan, tandiqiy va erkin firklashni targ’ib qiluvchi AQSh oliygohlarida diniy-ijtimoiy-siyosiy muloqot ham qizg’in tusga kiraveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG