Breaking News

O'zbekistonda diniy tazyiq nimaga asoslanadi?


O`zbekistonlik islomiy jangarilarning xalqaro miqyosdagi terrorchi tashkilotlar bilan hamkorligi Germaniyada qo’poruvchilik harakati fosh etilganidan keyin bilindi.

Islomiy Jihod Ittifoqi deb atalgan radikal tashkilot vakillari, deydi Germaniya rasmiylari, asosan o`zbekistonliklardir.

Islomiy Jihod Ittifoqi o’z bayonotlarini internet orqali bildirib keladi. Bayonotlaridan birida O’zbekistonda 2004 yilda yuz bergan portlashlarning ortida turganini tan olgan.

Rasmiy Berlinga ko’ra, guruh bilan aloqador odamlar O’zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi va vakolatxonasini ham nishonga olishni mo’ljallayotgan bo’lgan.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha Islomiy Jihod Ittifoqi degan tashkilotning O`zbekiston bilan aloqasi yo’q.

“Men bu harakat O`zbekistonga taaluqli degan fikrlarga qo`shila olmayman. O`zbekiston Islomiy Harakati degan tashkilot bor edi, biroq AQShning Afg’onistondagi harbiy amaliyotlaridan so`ng bu harakat ham deyarli yo’q qilindi. Uning qoldiqlari bo`lishi mumkin, lekin ular ko`zga tashlanmaydi. O`zbekistonda terrorizm va ekstremizm xavfi ancha pasaygan”, - deydi sharhlovchi.

Lekin O`zbekiston hukumati mamlakat hali ham diniy ekstremistik tahdid ostida ekanini ta`kidlab keladi. Mamlakatda kuzatilgan qo`poruvchilik harakatalarida ham odatda radikal guruhlar ayblanadi.

Muxolifat vakillariga nazarida hukumatning bu ayblovlari o’rinsiz. Ular fikricha repressiv hukumat o’z qilmishlarini “ekstremizm tahdidi” yordamida oqlashga urinmoqda.

Mahalliy huquq himoyachilari minglab dindorlar hech qanday dalil-isbotlarsiz qamoqqa tashlangan va ular qiynoqqa solingan va solinmoqda deb keladi.

O`zbekiston Huquq Himoyachilari Alyansi tomonidan yaqinda tarqatilgan ma`lumotga ko`ra Zarafshondagi qamoqxonada mahbuslar diniy erkinligi cheklangani sabab qozg’olon ko’targan.

“Ichki ishlar askarlari BTR larda qozg`olonchilarga qarata o`q uzgani, o`lganlar borligi haqidagi ma`lumotlarni shaxsan o`z qulog`imiz bilan eshitdik. Zarafshondagi 48-qamoqxonada asosan diniy e’tiqod bilan qamalgan siyosiy mahbuslar saqlanadi”, - deydi Alyans vakili Abdulla Tojiboy o’g’li.

Qamoqxonadagi norozilikni tasdiqlovchi biror rasmiy ma`lumot yo’q.

Abdulla Tojiboy o’g’lining aytishicha ektremistik qarashlarning vujudga kelishiga hukumatning o`zi hissa qo`shayapti.

“Radikal harakatlarni bo`rttirib ko`rsatish uchun maqsadlar bor. Faqat siyosiy maqsadlar - lavozimni egallash, biror yaramas ishlarni amalga oshirish. Tahdid bo`rttirib ommaga yetkaziladi”, - deydi huquq himoyachisi.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov deydiki, O’zbekistonda konstitusiyaviy erkinlik buzilayapti deyish noto’g’ri.

“Konstitusiyada siyosiy diniy faoliyat yuritish ta`qiqlangan. Bunday faoliyat yuritgan odamlar, albatta jinoiy javobgarlikka tortiladi”, - deydi sharhlovchi.

XS
SM
MD
LG