Breaking News

Rossiyadagi siyosiy o'zgarishlar O'zbekistonda nimani o'zgartiradi?


Ayrim tahlilchilar nazarida Kremlning hozirgi siyosati o’zgarmas ekan, mintaqada diktaturalar hukmronligi ham davom etaveradi.

Rossiyada parlament saylovlariga tayyorgarlik boshlangan. Dekabrdagi saylovlar ketidan federatsiya kelasi yil mart oyida prezident uchun ovoz beradi.

Prezident Vladimir Putin saylovlarda o'z nomzodini qo'ymasligini aytib kelmoqda. Biroq, deydi tahlilchilar, Rossiyaning keyingi prezidenti Vladimir Putin tanlagan nomzod bo’lishi tayin.

Tanqidiy fikrlari bilan tanilgan Toshpo`lat Yo'ldoshev hozirgi vaziyatni shunday baholaydi:

“O`zbekistonning xalqaro miqyosda obro’si tushishiga qaramasdan Rossiya Islom Karimov rejimini quvvatlab keldi. Bu degani Putin boshchiligidagi Rossiya bundan keyin ham avtoritar davlatlarni qo`llashda davom etadi. Bu rejimlarga bosh bo’ladi”.

Boshqa siyosatshunoslar nazarida esa prezident Putin Rossiyani qoloq mamlakatdan rivojlanayotgan mamlakat darajasiga ko`targan va uni dunyodagi geosiyosiy kuchlardan biriga aylantirgan.

O`zbekiston prezidenti qoshidagi Strategik Tadqiqotlar Instituti xodimi Muqimjon Qirg`izboyevning aytishicha, Putin siyosati mintaqada intergatsion jarayonlarni tezlashishiga yordam berdi.

“Rossiyadagi va Markaziy Osiyodagi siyosiy kuchlar ham buni sezyapti. Xalqimizda bir maqol bor: Uzoqdagi bug`doydan yaqindagi somon yaxshi. Hech kim qo`shnilari bilan aloqani buzmaydi”, - deydi siyosatshunos.

Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha esa Rossiyada ommaviy axborot vositalari butunlay Kremlga bo`ysundirilgan.

"Demokratik kuchlar yakson qilingan. Bu degani Putin nima desa shu o`tadi. Yangi prezident Zubkov bo`ladimi, Ivanov yoki boshqasi bo`ladimi, Rossiya siyosati o`zgarmaydi”, - deydi u.

Muqimjon Qirg`izboyev nazarida Rossiya bilan yaqin hamkorlik mintaqadagi demokratik o`zgarishlarni cheklamaydi.

“Rossiyada ham, Markaziy Osiyoda ham demokratiyaning iqtisodiy asoslari bizga bog’liq bo`lmagan tarzda rivojlanib kelayapti. Bu fermerlik va tadbirkorlikdir. Bular rivojlanishi bilan fuqarolik jamiyati ham rivojlanib boradi”, - deydi siyosatshunos.

Toshpo`lat Yo'ldoshev deydiki, Rossiyadagi siyosiy jarayonlar va repressiv hukumatlarga yon bosish siyosati G`arbga nisbatan sovuq urushni yangilash uchun xizmat qiladi.

XS
SM
MD
LG