Breaking News

Shayx Abduvali-qori Mirzayevning oila a'zolari avtohalokatga uchragan


Xabarlarga qaraganda, Farg’ona vodiysida nomi chiqqan ulamo Abduvali-qori Mirzayevning oila a’zolari Saudiya Arabistonida avtohalokatga uchragan.

Abduvali-qori Mirzayev 1995 yilda Moskvaga uchish arafasida Toshkent aeroportida dom-daraksiz yo’qolgani aytiladi.

Yaqinlari uning O’zbekiston maxsus xizmati xodimlari tomonidan o’g’irlab ketilganini taxmin qilib keladi. O’zbekiston rasmiylari esa bu ishga aloqasi borligini rad etadi.

Shayx Abduvali qori Mirzayevning o’g’li – 32 yoshli Abdulquddus Mirzayev avval Saudiya Arabistonida shariat maktabini, keyin Moskva Davlat Xalqaro Aloqalar institutini tamomlab, Andijonga qaytgan va xalqaro tashkilotlar yordamida dom-daraksiz yo’qolgan otasini izlay boshlagan.

2006 yilning 14 may kuni Andijonda militsiya tomonidan qo’lga olinib, bir qator diniy ayblar bo’yicha so’roq qilingach, O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgan. Umra safariga qadar Abdulquddus Qirg’izistonda BMT Qochqinlar bo’yicha agentligi mandati asosida qochqin o’laroq yashagan. Ayni paytda Andijonda uning ayoli va uch nafar farzandi qoldi.

Bir muddat avval Amerika Ovozi bilan suhbatda Abdulquddus, o’z otasi – Abduvali qori Mirzayev O’zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan aynan o’g’irlab ketilganiga ishonishini aytgan edi:

“O’g’irlab deyishga asosimiz bor, bu shunchaki alamzadalik ustida aytilayotgan gap emas. O’zbekiston hukumati shu kunga qadar bu mudhish jinoyatga aloqadorligini inkor qiladi. Ammo hukumat bu ishga aloqadorligiga bizda yetarli asoslar bor. Dastlab ushlab turilgan joylar, dastlabki tergov mazmunlari va dastlab tergov qilgan shaxslar haqida ma’lumotlarga egamiz”.

Abdulquddus Mirzayev Farg’ona vodiysida diniy radikal guruhlar faoliyati, taniqli va bilimli ulamolar hukumat qatag’oniga uchragach kuchayganini ta’kidlagan edi:

“O’zbekiston hukumati Abduvali qorini o’g’irlab ketgandan keyin O’zbekiston Islomiy Harakatiga raqobat qila oladigan kuch qolmadi. Shundan keyin O’zbekistonda nafaqat bu harakat, balki “Hizb-ut-Tahrir”, “Akromiya” va hokazo oqimlar keskin sur’atda rivojlana boshladi. Misol uchun, avval odamlar “Hizb-ut-Tahrir” tashviqot qilsa kelib, Abduvali qoridan so’ragan – “bizni falon oqim da’vat qilyapti, qanday munosabat bildirishimiz kerak” deb.

U kishi “mana bu oqim – bunday oqim, uning to’g’ri tomonlari bu, mana bu tomoni noto’g’ri, demak bizga to’g’ri kelmaydi” deb javob bera olgan va eng muhimi, xalq bu javobdan qoniqqan. Hozir ham O’zbekiston rasmiy imomlari “Hizb-ut-Tahrir” haqida yoki boshqa oqimlar haqida fikrlarni bayon qiladi. Ammo xalq bu fikrlarni qabul qilmaydi. Chunki ular xalq o’rtasida shuhratga ega bo’lmagan odamlardir. Bunday harakatlar rivoji bu kishidan keyin boshlandi. Bu kishini yo’qotish oqibatida boshlandi desak to’g’riroq bo’ladi”, - degan edi Abdulquddus Mirzayev Amerika Ovoziga bergan intervyusida.

XS
SM
MD
LG