Breaking News

Qotillik yuzasidan tergov Qirg'iziston prezidenti nazorati ostida


Bugun O’shda Alisher Soipovning dafn marosimi bo’ldi. Ertaga Bishkekda katta namoyish bo’lishi kutilmoqda.

O’sh viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov ma’lumotiga ko’ra, Alisher kecha kech soat 6 lar atrofida noma’lum shaxs tomonidan uch o’q bilan o’ldirilgan. Voqea guvohi, qirg’izistonlik siyosatshunos Iqbol Mirsaitovning aytishicha, qotil avvaliga Alisherning oyog’iga otgan, yiqilib tushgandan so’ng esa ikki marta boshiga otgan. Mirsaitovga ham to’pponchani qaratgan, biroq u qochishga muvaffaq bo’lgan.

Ichki ishlar boshqarmasi vakili Zamir Sidiqovning aytishicha, Alisher juda ham ilmli, hamma bilan til topishib ketadigan inson edi. Militsiyaning uning faoliyatiga hech qanday e’tirozi bo’lmagan, deydi Sidiqov.

Jinoyat sodir etilishidan 40 daqiqa avval Alisher bilan uning ishxonasida yana bir jurnalist, Shohida To’laganova bo’lgan. Ular Qora-Suvga mehmonga aytilgan edi. Shohida va uning turmush o’rtog’i O’shdan ertaroq chiqib ketadi. Alisher esa Iqbol Mirsaitov bilan birga bir oz o’tib borishlari kerak edi. Biroq Shohida Alisherga qo’ng’iroq qilganida hech kim javob bermaydi. Bir oz o’tib Shohida mash’um voqeadan xabar topadi.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev, O’sh viloyat gubernatori Jonto’ra Sotiboldiyev Alisherning o’limi bo’yicha tergovni o’z nazorati ostiga olganini aytgan. Jinoyatga kim aloqador ekani haligacha noma’lum. Kecha O’sh shahriga kirish va undan chiqish yo’llari darhol yopilgan edi.

Alisher qo’shni davlat xavfsizlik agentlari uning ketiga bir necha bor tushishganini aytar edi. Uning boshiga hattoki 10 ming dollar va’da qilinganini yarim hazil, yarim chin qilib so'zlardi. Shohida To'laganova O'zbekiston xavfsizlik kuchlarining Alisher o'limiga aloqadorligi yuzasidan dalil yo'qligini aytib, O'shda bu faqat mish-mish deydi.

Alisher Soipov Internetdagi eng ommabop mintaqaviy “Ferghana.Ru” veb-sahifasi bilan ham so’nggi uch yil davomida hamkorlik qilar edi. Iyun oyida Alisher “Ferghana.Ru” bilan faoliyatini to’xtatgan, deydi loyiha rahbari Daniil Kislov.

"Alisher o’z nashrini ochmoqchi edi. Uning “Siyosat” deb nomlangan gazetasi O’zbekistonga ham tushib, ommaviylashib borar va bu bilan u yerdagi hukumatning qattiq noroziligiga uchrar edi," deydi Kislov. "Hech kimni ayblamoqchi emasman, biroq uning aynan shu faoliyati uning o’limiga sabab bo’lgan deb hisoblayman."

Alisherning qotilligi jahonning ko’plab xalqaro tashkilotlari tomonidan keskin qoralanmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Jurnalistlarni himoyalash xalqaro qo’mitasi, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti, “Amerika ovozi” rahbariyati va yana ko’plab boshqa tashkilotlar jinoyat yuzasidan o’z munosabatini bildirdi. AQShning Qirg’izistondagi elchixonasi bayonot chiqarib, sinchkov tergov o’tkazilishiga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG