Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ali Bobojonning aytishicha Iroqdagi kurd jangarilariga qarshi harbiy chora ko’rish hali ham kun tartibida.
Vazir terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston Ischilar Partiyasiga qarshi kurashning bir necha usullarini sanab o’tadi – diplomatik, siyosiy, iqtisodiy va nihoyat harbiy. Ularning barchasi muhokama qilinmoqda deydi u.
Turkiya Iroq hukumatining kurd jangarilariga qarshi yetarlicha harakat qilmayotganidan norozi. O’n minglab turk qo’shinlari Iroqqa kirish niyatida chegaraga to’plangan.
Iroq hukumati mojaroning tinch yo’l bilan hal etilishi tarafdori, ammo kurd jangarilariga qarshi aniq rejaga ega emas.
O’zbekistonda siyosiy tahlilchilar Turkiya o’z xafsizligini ta’minlashga majbur deydi, biroq kuch ishlatish vaziyatni yanada chigallashtirishi mumkin.
Turkiyada hukumatni xavfsizlik choralari ko`rishga chaqiruvchi namoyishlar davom etmoqda.
29 oktabr, Turkiya respublikasi tashkil topgan kuni ommaviy chiqishlar qamrovi yanada kengaygan.
AQSh Turkiyani harbiy amaliyotlar rejasidan qaytishga chaqirib, aks holda Iroqda vaziyat yanada og`irlashadi deya ogohlantirmoqda.
Toshkent Sharqshunoslik Instituti professori Telman Sattorov fikricha Iroq hukumati kurdlarni nazorat qila olmayapti.
“Amerika esa munosabatlarini buzib bo`lsa ham Iroqqa Turkiyani kiritmoqchi emas. Endi ular Turkiya kiradigan bo`lsa, Saudiya Arabistoni ham birodarlarini himoya qilishi uchun kiradi, bu yoqda esa Eron atom bombasi bilan turibdi, deb o`ylayotgan bo`lishi mumkin. Amerika neftga boy bo`lgan Iroqqa hech kimni kiritmoqchi emas”, - deydi Telman Sattorov.
Telman Sattorovning aytishicha Turkiya murakkab vaziyatda, nima qilib bo’lsa ham chegarani tinchitishi kerak.
Siysatshunos Muqimjon Qirgizboyev nazarida AQSh-Turkiya aloqalari bugun juda tang ahvolda.
“Turkiya ochiqdan ochiq hozircha AQSh ta’sir doirasidagi Iroqqa bostirib kirsa, bu ma`lum ma`noda AQShga hujum qilishdek gap. Kelishmovchiliklar chiqishi turgan gap. Bu AQShning Yaqin Sharqdagi pozitsiyasini pastga tushuradi. Geosiyosiy muvozanatni boshqa tomonga burib yuboradi”, - deydi Qirg`izboyev.
Uning aytishicha Turkiya- Eron chegarasida ham kurdlar ko`p. Agar ular ham qo’zg’alsa, Turkiya ichki siyosati qiyin ahvolda qoladi.
“Turkiya alangani cho’g’ paytida o’chirishga harakat qilayapti. Boshqa alanga yonishiga sharoit yaratayapti deb o`ylayman. Bu masala siyosiy muzokaralar yo`li bilan hal etilishi kerak edi”, - deydi Qirg`izboyev.