Breaking News

Saakashvili muddatidan erta prezident saylovlariga rozi


Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili 15 kunlik favqulodda holat e’lon qilgan. Shaharda olti kundan buyon prezidentga qarshi namoyishlar bo’lib o’tmoqda.

Politsiya suv, ko’zni yoshlantiruvchi gaz va to’qmoqlar yordamida namoyishni tarqatishga harakat qilmoqda.

Muxolifatchi faollardan biri Ivlian Xaindrava Saakashvilini 90 yil avval Rossiyada hokimiyatni kuch bilan qo’lga kiritgan bolsheviklarga qiyoslaydi.

"Hukumatning favqulodda holat e’lon qilishi mamlakat bo’ylab norozilikni yanada kuchaytiradi",- deydi u.

Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Shota Utiashvili fikricha, omma nazoratdan chiqib ketgani bois kuch ishlatilgan. Namoyishchilarning bir guruhi politsiyaga hujum qilgan.

Natijada yordamga maxsus kuchlar chaqirilgan deydi Utiashvili.

Muxolifat ko'chaga chiqqaniga bir hafta bo'ldi. Birinchi kuni unda 50 mingga yaqin odam qatnashgan.

Namoyishchilar saylov tizimini isloh qilishga va parlament saylovlarini muddatidan erta o’tkazishga chaqirmoqda.

O'tgan kunlar ichida namoyishchilar soni ancha ozaygan. Muxolifat Saakashvilining hokimiyatdan ketishini ham talab qilmoqda.

Gruziya rahbari parlament va prezident saylovlari rejaga ko’ra, 2008 yil oxirida o’tkazilishini ta’kidlab, talablarni rad etib kelayotgan edi, biroq so'nggi xabarlarga ko'ra, Gruziya rahbari prezident saylovlarini muddatidan erta, 5 yanvar kuni o'tkazilishini ma'lum qilgan. Qo'shma Shtatlar bu qarorni olqishlagan. Saakashvili, shuningdek, parlament saylovlarini ham muddatidan erta o'tkazish masalasi referendum orqali hal qilinishini aytgan.

Saakashvili Rossiyani namoyishlar ortida turganlikda ayblab, rossiyalik uch diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishga buyruq bergan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ayblovni rad etmoqda. Kuzatuvchilar Kreml ham Gruziya elchixonasining uch xodimini Rossiyadan haydashini taxmin qilmoqda. Rasmiy Tbilisi o’zining Moskvadagi elchisini kecha chaqirib olgan.

Gruziyadagi o'zgarishlarni yaqindan kuzatayotgan O'zbekiston ziyolilari ahvoldan taajjubda.

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha Gruziyada hukumatga qarshi namoyishlarni kuch bilan bostirishga urinilayotgani juda salbiy hol.

“Bu albatta Gruziya rahbariyatiga shon-shuhrat keltirmaydi”, - deydi Aliyev.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Adham Shoyimardonov nazarida esa namoyishlarning davom etayotgani Gruziyada so`z erkinligi va fuqarolar uchun o`z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish imkoniyati borligidan dalolat.

"Albatta har bir demokratik davlat bu jarayonlardan o`tadi", - deydi u.

Toshkentdagi kuzatuvchilar fikricha Gruziyadagi namoyishlar ortida tashqi kuchlar turibdi. Ularning e'tirof etishicha Rossiya tashqi siyosati bugun ancha agressivlashgan. Bu Tbilisidagi beqarorlikda o'z aksini topmoqda deydi ular.

"Avvalo yuz minglab gruzin ishchilar Rossiyadan chiqarib yuborildi. Gruziya mahsulotlarining Rossiyaga kirishi ta`qiqlandi. Bular hammasi Gruziyada norozilik shakllanishiga qaratilgan edi. Shuningdek, bunda Rossiya maxsus xizmati vakillarining qo'li bo'lishi mumkin”, - deydi Aliyev.

Adham Shoyimardonov fikricha Rossiya televideniyesi so'nggi paytlarda Amerikaga qarshi kayfiyatni targ'ib qiluvchi ko`rsatuvlar bera boshlagan.

“Rossiya birinchi kanali dam olish kunlari AQShni turli nodavlat tashkilotlar yordamida inqilob qiluvchi, hukumatlarni ag`daruvchi davlat sifatida namoyish etuvchi ko'rsatuvlar bera boshladi. Targ`ibot urushi kuchli olib borilmoqda. Rossiya hukumatining maqsadi ayon - bu sobiq ittifoqni qayta tiklash, lekin bu maqsad amalga oshmaydi”, - deydi Shoyimardonov.

XS
SM
MD
LG