Breaking News

O'zbekistonda yana bir mahbus qiynoqlardan jon bergan


O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi BMTning Qiynoqlarga qarshi kurash qo'mitasi yig'ilishida qayd etilgan natijalar hamda rasmiy Toshkentning bunga munosabati xususida axborot tarqatgan.

Huquq himoyachilari esa qamoqxonada navbatdagi mahbus qiynoqlardan jon berganini aytmoqda.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida, xususan, mamlakatda qiynoqlarni tugatish yo’lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so’z boradi.

Rasmiy ma`lumotda aytilishicha, O`zbekiston sud-huquq tizimi isloh qilinib, o`lim jazosi bekor qilingan. Qamoqqa olish sanksiyasi sudlar ixtiyoriga o`tkazilgan. BMTning qiynoqlarga qarshi kurash qo`mitasi sobiq vakili Teo Van Boven tavsiyalari inobatga olingan.

Inson huquqlari komissiyasi qaroriga ko`ra O`zbekistonda bo`lib, vaziyat bilan tanishgan mustaqil ekspert Latif Xuseinovning tavsiyalari bajarilgani ta’kidlanadi. Huquq himoyachilari esa qiynoqlar muttasil davom etayapti deydi.

Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning aytishicha, “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimiga a`zolikda ayblanib, Andijondagi qamoqxonada saqlangan Fitrat Salohiddinov jasadi 11 oktyabr kuni qarindoshlariga qaytarilgan.

“Soat 10 da olib kelishdi, men 11 larda o`sha yerda edim. Soat birda dafn etishgan. Lekin uning uyi fuqarolik kiyimidagi maxsus xizmat vakillari tomonidan o`rab olingan. Qarindoshlari qo`rquvga tushgan. Shuning uchun axborot olish juda qiyin”.

Surat Ikromovning aytishicha, bir necha yil avval O`zbekistonda qiynoqlarni tugatishga qaratilgan harakatlar kuzatilgan. Biroq keyinchalik bu sa’y-harakatlar to’xtatilgan.

“Van Bovenning 22 banddan iborat tavsiyasi bor edi. Shulardan 5-6 tasi bajarilgan bo`lishi mumkin. Oxirigacha emas. Hukumat hisobotlarida qandaydir ish olib borilayotgani haqida aytiladi. Lekin bu haqda hech qanday dalil-fakt yo`q”, - deydi Surat Ikromov.

XS
SM
MD
LG