Olti yil avval AQShda terror xurujlari kuzatilganidan beri bu mamlakatga keladigan chet ellik yoshlar soni pasayib ketgan edi.
Hozirda Qo’shma Shtatlarda 600 ming xorijlik talaba ta’lim olmoqda. Oliygohlar nazarida bu yomon emas.
Xorijlik yoshlar AQShga yiliga qariyb 12 milliard dollar olib keladi. Hukumat xorijliklarga oliy ta’lim berishni beshinchi yirik eksport sektori deb hisoblaydi.
Yoshlarning ko’pi asosan Janubiy Koreya, Tayvan, Yaponiya, Xitoy va Hindistondan keladi.
Nyu-Yorkda asoslangan Xalqaro Ta’lim Instituti vitse-prezidenti Peggi Blumentalning aytishicha, o’tgan yildan beri chet ellik talabalar soni 3 foizga ortgan.
“Demak, AQShga bo’lgan munosabat o’zgarmoqda. Oxirgi bir necha yil davomida odamlar “AQShga viza olish qiyin! Balki Amerika universitetlari chet el yoshlarini qabul qilishga uncha xushi yo’qdir” degan yanglish tasavvur paydo bo’lgan edi. So’nggi raqamlar bu xavotir barham topayotganidan dalolat bermoqda”.
Biz buning sababi nimada deb so’raymiz.
“Qator omillar bor. Birinchidan, viza berish jarayoni ancha tezlashgan. Misol uchun, hozir Toshkentdagi elchixonada vizaga ariza topshirgan odam ko’pi bilan 8 kun ichida javob oladi. 11 sentyabrdan avval ancha ko’p vaqt kutishga to’g’ri kelganidan xabarim bor. Oliygohlar ham hujjat topshirish jarayonini yengillashtirishga, yoshlarga har jihatdan yordam berishga moyil”.
Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan yoshlarni olaylik.
Xalqaro Ta’lim Instituti hisobotiga ko’ra, qo’shni davlatlar bilan qiyoslaganda Qozog’iston peshqadam. Amerikada 1212 nafar talabasi bor. Keyingi o’rinda O’zbekiston – 581 talaba. AQSh universitetlarida hozir qirg’izistonlik 209 fuqaro tahsil olayapti. Tojikistondan 164, Turkmanistondan esa 143 nafar.
Xalqaro Ta’lim Insitutidan Peggi Blumentalning qayd etishicha, xorijiy yoshlarining aksariyati biznes, boshqaruv va muhandislik yo’nalishini tanlamoqda.
Shuningdek, kompyuter va axborot texnologiyasi, jurnalistika, jamoat bilan ishlash hamda ommaviy axborot vositalari chet elliklar orasida ancha ommabop sohalar.
Eng ko’p xorijlik talaba Los Anjelesdagi Janubiy Kaliforniya Universitetida o’qiydi - 7 ming student.
Peggi Blumental fikricha Amerikaga nisbatan qanchalik salbiy fikrda bo’lmasin, hech bir yosh bu mamlakatda o’qish imkoniyatini rad etmaydi. Chunki bu mamlakatda ta’lim sifati yuqori, shuningdek, AQSh oliygohlari omilkor, ijodkor, dunyoqarashi keng mutaxassislar tayyorlaydi deydi Blumental xonim.
Amerikada ta’lim olish yuzasidan savollarni uzbek@voanews.com ga yo’llashingiz mumkin. Har dushanba ularga imkon qadar javob berishga harakat qilamiz. Internetda amerikaovozi.com sahifasida AQShga talaba sifatida kelish imkoniyatlari, qolaversa bu yerda ishlash, grin karta lotereyasi kabi mavzularda ham foydali ma’lumotlar topasiz.