Breaking News

Grin karta lotereyasi uchun hujjat topshirish muddati yakunlandi


Grin karta bilan o’tgan 12 yil ichida AQShga yarim million chet ellik doimiy yashash va ishlash uchun kelgan.

Har yili 50 ming kishi grin karta lotereyasini yutadi. Bu degani endi ular Qo’shma Shtatlarda doimiy yashasa va mehnat qilsa bo’ladi.

AQSh Davlat departamenti bu borada o’z Internet sahifasida o’zbek tilida ma’lumot beradi: http://travel.state.gov/pdf/DV2009Uzbek.pdf

AQSh Kongressi bu lotereyani 1990 yilda joriy etgan. Asosan Amerikaga kam migratsiya qiladigan xalqlarga taklif qilinadi. Markaziy Osiyodagi barcha davlat fuqarolari qatnashishi mumkin.

Hujjat topshirayotganlar o’rta ma’lumotga ega bo’lishi yoki biror kasb egasi bo’lishi lozim. Lotereyada qatnashish tekin. Eng oson yo’li Internetdagi anketani to’ldirish.

Vilyam Kotlarik aslida Slovakiyadan. Uch yil oldin o’zi va rafiqasi Tereza uchun hujjat topshirgan. Ko’pchilik singari lotereyada omadi kelishiga ishonmagan edi.

"Bir kuni xotinim telefon qilib, “Menga Amerikadan qandaydir hujjatlar keldi; grin karta yutding deyapti. Bu nima degani, sen topshirganmisan”,- deb qoldi. Men bo’lsam, voy, esimdan ham chiqib ketgan edi, rostdan-mi? – dedim. Umidim yo’q edi",- deydi Vilyam.

Lotereya yutgan odam AQShga tug’ilganlik va oila qurganlik haqida guvohnoma, diplomlar, ichki ishlar bo’limidan spravka va tibbiy ko’rik natijalarini jo’natadi. AQSh elchixonasida suhbatdan o’tadi. Jarayon ancha vaqt olishi aniq. Keyin grin karta olasiz.

Tekshiruv naqadar izchil bo’lmasin, Amerikaga bu lotereya orqali jinoyatchilar, bezorilar va hatto terroristlar qonunan kirib kelmoqda deya tanqid qilayotganlar bor.

Davlat departmentida viza masalasi bilan shug’ullanuvchi Toni Edison ularga qo’shilmaydi.

"Biz grin karta berishdan avval odamlarni obdon elakdan o’tkazamiz. Viza olishdan avval turli sinovlardan o’tishadi. Jarayon ishonchli va oqil tarzda olib boriladi. Xavfsizlik biz uchun eng muhimi", -deydi Edison.

Kotlariklar oilasi lotereya ular hayotini tamoman o’zgartirganini aytadi. Afsuski, deydi immigrant ayol, bu dastur haqida jahon ahli kam ma’lumotga ega.

"Lotereya hech kimni kamsitmaydi, hamma teng imkoniyatga ega. AQShda ham hayot shu ekan",- deydi Tereza.

Lekin bu noyob imkoniyatning kuni bitayotgan ko’rinadi. Kongressning har ikki palatasi hozirda grin karta lotereyasini bekor qilish uchun ovoz bergan.

Lotereya yo’q qilinsa, AQShda doimiy yashash va ishlash imkoniyati bu mamlakatda doimiy ishga yollangan noyob mutaxassislar va amerikaliklar bilan turmush qurgan insonlarga nasib etadi xolos.

XS
SM
MD
LG