Breaking News

AQSh matbuoti Rossiyani tanqid qilmoqda


Rossiyada parlament saylovlaridan oldingi vaziyat xalqaro jamoatchilikni xavotirga solmoqda. Prezident Putin mutlaq hokimiyatga ega bo’lishiga qaramay, oz sonli muxolif kuchlarga tazyiqni kuchaytirayotgani tanqid ostida.

“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Rossiyada armiya, hukumat, saylov tizimi va matbuot ustidan to’liq nazorat o’rnatgan prezident Vladimir Putin yakshanba kuni bo’ladigan parlament saylovlaridan oldin siyosiy muxolifatga kuchli bosim o’tkazmoqda. Bu esa saylovlar na halol va na ochiq bo’lishidan dalolat.

Rossiya hanuz demokratiyaga erishmagan, deya yozadi Nyu-York Tayms”. Albatta, neftdan tushgan mo’maygina daromad hisobiga iqtisodiyot rivojlandi. Putin milliy faxr va barqarorlikni tiklaganlikda ko’klarga ko’tarilmoqda. Biroq shu bilan birga Putin 90-yillarda paydo bo’lgan demokratik institutlar ildiziga bolta urib, xalqiga deyarli ishonmay qo’yganini namoyon etdi.

Putin fikricha, Qo’shma Shtatlar xalqaro kuzatuvchilarga Rossiyadagi saylovlarni kuzatmaslikni tavsiya qilib, xalqaro maydonda saylovlar nufuzini tushirishga harakat qilmoqda. Biroq, deya xulosa qiladi gazeta, aynan Putinning o’zi saylov jarayonlariga aralashgan holda ularning nufuziga zarar yetkazmoqda. AQSh, Yevropa va Yaponiya Rossiyani Katta Sakkizlikka erta kiritib xato qilgan, deyiladi “Nyu-York Tayms”da.

“Vashington Post” gazetasi ham shu mazmunda maqola yozib, “Agar Rossiya xalqi Putinni shunchalik sevsa, nega u o’z xalqidan qo’rqadi” degan savolni o’rtaga tashlaydi. Putin Rossiya matbuoti orqali ko’klarga ko’tarilib, xalqning eng sevimli rahbari sifatida ko’rsatiladi, biroq aslida uni tanqid qilib chiqqan namoyishchilarni bostirishga buyruq bergan.

Agar Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilarini Rossiyaga yubormasa, 2 dekabrdagi saylovlar nufuzli kuzatuvchilarsiz o’tgan ikkinchi saylovlar bo’ladi. Birinchisi 1996 yili Albaniyada o’tgan.

“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, Kreml tashkilot kuzatuvchilariga viza bermagan yoki ularning berilishini kechiktirgan. “Ozodlik” radiosi o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, rossiyaliklarning uchdan ikki qismi saylovlarning halol o’tishiga ishonmaydi.

XS
SM
MD
LG