AQSh rasmiylarining bildirishicha, Isroil-Falastin muammosini hal etishga qaratilgan tinchlik muzokaralari Annapolis va Vashington shahridan endi mintaqaning o'ziga ko'chadi.
Prezident Bush anjuman yangi Falastin davlati uchun zamin yaratdi deya xulosa qilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert va Falastin prezidenti Mahmud Abbos ham muzokaralarga katta umidlar bog’lagan, biroq Iordan daryosining g’arbiy sohilida har ikki hukumat Xamas va boshqa muxolif partiyalar tomonidan keskin tanqid ostida.
O`zbekistonda sammitiga rasmiy munosabat yo’q. O`zbekiston Musulmonlar idorasi yoki Toshkent Islom Universiteti ham jarayon haqida fikr bildirmaydi.
Lekin jamiyatshunos Komron Aliyevning aytishicha Isroil va Falastin muammosi jamoatchilikda keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biri.
Ayniqsa AQShning musulmon mamlakatlariga nisbatan munosabati tilga olinadi. Isroil ko’p hollarda tajovuzkor davlat deya ta’riflanadi. AQSh Isroilni turli zamonaviy qurollar bilan ta`minlab kelayapti deya tanqid qilinadi.
Aliyev firkicha Annapolis anjumani ayrim ijobiy natijalarga olib borishi mumkin, lekin Amerika siyosatida hali ham muvozanat yetishmaydi.
Rasmiy Toshkent Isroil davlati bilan iliq aloqalarga ega. Arab dunyosi bilan ham munosabatlarini mustahkamlab kelayotganini qayd etadi.
Toshkent Davlat Sharqshunoslik Instituti professori Telman Sattorov nazarida Isroil – Falastin kelishmovchiligi tezlikda hal qilinadigan masala emas. Uning tarixi uzun deydi olim.
"Suriya yoki Saudiya Arabistoni bu yoqda tursa, ko`pchilik davlatlar Eronga qarab turishibdi nima der ekan deb. Bu masala 22 arab davalatining ishtiroki, Yevropadan ayrim davlatlarning qatnashishi orqali va BMT miqyosida muhokama qilinishi kerak", - deydi Sattorov.