Qo’shma Shtatlar va Rossiya Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish xususida haligacha bir to’xtamga kelmagan.
Kreml e’tiroziga ko’ra, Pentagon Moskvaga yuborgan takliflar oktyabr oyida AQSh mudofaa va tashqi ishlar vazirlari bilan erishilgan kelishuvdan farq qilaadi, biroq Pentagon e’tiroz noo’rin demoqda.
Pentagon matbuot kotibi Jeff Morrellning aytishicha, Qo’shma Shtatlar ilgari qilingan takliflarga o’zgartirishlar kiritmagan.
"Moskvada qilingan taklif Kremlga aniq yetkazilgan. Matbuotda bu haqda bir necha bor gapirilgan. Biz avvalgi takliflardan voz kechayotganimiz yo’q," deydi Pentagon rasmiysi.
Jeff Morrell dushanba kuni AQSh va Rossiya rasmiylari takliflarni yana bir bor muhokama qilganini va uchrashuv paytida Rossiya tarafdan e’tiroz bo’lmaganini aytib, Kremlning o’zgacha atvoridan taajubga tushmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays bilan uchrashuvdan chiqqach o’z matbuotiga takliflarga o’zgartirishlar kiritilgan, deya ma’lum qilgan.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, Moskvada qilingan taklif shundan iboratki, Rossiya AQSh tomonidan Chexiyada qurilishi rejalangan radar inshootidan va Polshaga qo’yilishi kutilayotgan raketa urib tushiruvchi moslamadan foydalanish huquqiga ega bo’ladi.
Bundan tashqari Eronning NATOga a’zo davlatlar hududigacha yetkaza oladigan qurol ishlab chiqqani haqida aniq ma’lumot olinmaguncha, Qo’shma Shtatlar Chexiya va Polshadagi inshootlarni ishga tushirmay turadi.
AQSh ushbu davlatlar bilan kelasi yil boshida bitim imzolash va kelasi bir necha oy ichida qurilish ishlarini boshlashga umid qilmoqda.
Rossiya mudofaa tizimini o’ziga tahdid deb bilsa, Qo’shma Shtatlar uni Yevropa xavfsizligi uchun muhim demoqda.