Breaking News

Eron yadro qurolini yaratish ustida ishni to'xtatgan


AQSh razvedkasining yangi hisobotiga ko’ra, Eron yadro quroli ustida ishlashni to’rt yil burun to’xtatgan. Hujjatda Eronga bosimni susaytirmaslik tavsiya qilinadi.

Eron bo’yicha tayyorlangan tahliliy hujjat xulosalari 2005 yildagi xulosalardan tubdan farq qiladi. O’shanda Eron yadro quroli ustida astoydil ish olib borayotganini ta’kidlangan edi. Shunga qaramay, deydi Bush ma’muriyati, Eron yadro dasturi borasida ko’z-quloq bo’lib turish kerak.

Oq uy xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, razvedka hisobotida Eron uran boyitishda davom etayotgani va 2009 yilgacha bomba tayyorlash uchun zarur hajmda boyitilgan uran chiqara olishi aytilgan.

"Uran boyitish dasturini to’xtatish kerak. Buning eng samarali yo’li, hisobotda aytilganidek, Eronni diplomatik yakkalashda, unga BMT sanksiyalari qo’yishda, muzokaralar olib borishda va boshqa moliyaviy choralarni qo’llashda davom etish kerak," deydi Xedli.

Aynan xalqaro hamjamiyat bosimi tufayli Eron 2003 yili yadro quroli ustida ishlashni to’xtatgan. Eronga nisbatan yumshoqroq siyosat olib borish kerak deganlar xato qiladi, deydi Oq uy rasmiysi.

"Kelajakda yadro quroliga ega Eron bilan yuzlashishni yoki unga qarshi kuch ishlatishni istamasak, bosimni kuchaytirishimiz kerak," deydi Stiven Xedli.

Eron Tashqi ishlar vaziri Manucher Mo’ttaki hisobot xulosalarini olqishlab, hujjat Eron yadro dasturiga nisbatan shakllangan noto’g’ri tassavurga tuzatish kiritdi degan.

XS
SM
MD
LG