Breaking News

Rossiyadan bir o'zbekistonlik ekstraditsiya qilindi


Bugun Tyumendan O’zbekistonga Abdug’ani Kamoliyev ismli odam ekstraditsiya qilindi. Bu bilan Rossiya Yevropa Sudining Kamoliyevni O’zbekistonga chiqarmaslik to’g’risidagi qarorini buzgan. Kamoliyev Rossiyada so’nggi o’n yildan beri yashab kelayotgan edi.

Qochqinlar muammolari bilan shug’ullanuvchi Rossiyaning “Fuqarolik yordami” qo’mitasi xodimi Yelena Ryabininaning aytishicha, Abdug’ani Kamoliyev kechasi Tyumen-Toshkent aviayo’nalishi bo’yicha ekstraditsiya qilingan. Qochqin samolyotda o’tirgan paytida Rossiya Federatsiyasining inson huquqlari bo’yicha ombudsmeni Vladimir Lukin Kamoliyevni O’zbekistonga chiqarmaslikni talab qilgan, biroq Tyumen oblast Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari Sergey Sidash uning talabini rad etgan.

Bunday harakati bilan Rossiya Strasburgdagi Yevropa Sudining Kamoliyevni qiynoqlar qo’llaniladigan mamlakat, O’zbekistonga chiqarmaslik qaroriga xilof ish tutdi, deydi Ryabinina. Xalqaro qonunchilikka ko’ra, inson huquqlari himoyasi bo’yicha Vena konvensiyasiga a’zo davlatlar Yevropa Sudi qarorlarini bajarishi shart. Rossiya ikkinchi bor sud qarorini buzmoqda.

Yelena Ryabininaning aytishicha, o’tgan yili Rustam Mo’minov ismli qochqin O’zbekistonga majburan jo’natilgan edi. Yanvar oyida O’zbekiston sudi uni 5,5 yil qamoq jazosiga mahkum etgan.

Rossiyalik inson huquqlari faoliga ko’ra, Kamoliyev O’zbekistonda uch modda bo’yicha ayblanmoqda. Ajablanarlisi shuki, deydi Ryabinina, unga 1990 yilda mavjud bo’lmagan O’zbekiston Respublikasi konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish aybi qo’yilgan. O’tgan yili Rossiya Bosh prokuraturasi Kamoliyevni O’zbekistonga topshirmaslik haqida qaror qabul qilgan.

Rossiyaning Ivanovo shahrida O’zbekiston tomonidan ekstraditsiya qilinishi talab etilayotgan yana 12 nafar o’zbek Yevropa Sudi qarorini kutmoqda. Ularga Rossiyani tark etish tavsiya etilgan. Ayni damda BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy Komissariati ularni uchinchi mamlakatga ko’chirish ustida bosh qotirmoqda. Ularning barchasi O’zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanyapti.

XS
SM
MD
LG