Breaking News

O'zbekiston G'arb bilan aloqalarni tiklashga tayyormi?


O’zbekiston prezidenti Islom Karimov konstitutsiyaning 15 yilligi munosabati bilan qilgan nutqida AQSh va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish zaruriyati haqida gapirgan.

Biroq sharhlovchilar nazarida O’zbekiston hukumati so’nggi yillarda susaygan, taranglashgan munosabatlarni qayta tiklashga tayyor emas.

Karimov o’zaro tushunmovchiliklar davom etayotgani haqida bashorat qiluvchilar munosabatlarning sovuqlashishidan manfaat ko’radi deydi.

"Bunday holatlarga nisbatan nima deyish mumkin? O`zbekiston o`zining tashqi siyosatida barcha yaqin va uzoq qo`shnilar bilan, shu jumaladan Amerika Qo`shma Shtatlari va Yevropa bilan ham o`zaro manfaatli, o`zaro hurmat va hamkorlik aloqalarini olib borishning doimiy tarafdori va biz bu yo’ldan hech qachon qaytmaymiz", - deydi O`zbekiston rahbari.

Prezident e`tirofiga ko`ra bugungi kunda aloqalar zamini tobora mustahkamlanmoqda.

Kuzatuvchilar esa prezident bayonotini turlicha izohlaydilar.

“O`zbekiston geostrategik jihatdan kuchli mamlakatlar manfaati kesishadigan mintaqada joylashgan. Shu bois O`zbekistonni AQSh bilan aloqalarini buzib ko`rsatuvchi ayrim kuchlar, shuningdek, ayrim axborot vositalari ham bor. Bu yerda O`zbekiston Respublikasi o`z milliy manfaatlariga to`g’ri kelgan har qanday davlat bilan munosabatlarini rivojlantirib boraveradi degan mazmunni tushunayapman ”, - deyi siyosatshunos Muqimjon Qirg’izboyev.

Demokratik Tashabbuslar Markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov nazarida G’arb bilan aloqalarni taraqqiy ettirish, Rossiya bilan yaqin aloqalardan farqli ravishda, inson huquqlari va demokrataik tamoyillarda aniq o`zgarishlar bo`lishini talab etadi.

“Hamkorlikka hamma ham tayyor, biroq hamkorlik qanday prinsiplarga asoslanadi? Bu eng muhumi. O`zbekistonning hozirgi siyosiy prinsiplari G`arb bilan munosabatlarning tiklanishiga qarshi. O`zbekiston avvalo inson huquqlarini ta`minlashi kerak. Demokratiya rivojlanishi uchun O`zbekistonda hech narsa qilinayotgani yo`q” , - deydi Xudoyberganov.

Uning fikricha “G’arbning demokratiya bo`yicha pozitsiyasi nafaqat O`zbekiston, balki Rossiya bilan munosabatlarda ham qat`iy ”.

Mustaqil sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev deydiki O`zbekiston prezidentining bayonoti mamlakatdagi saylovlarni xalqaro jamoatchilikning e`tirozisiz o`tkazib olish bilan bog'liq.

“Bu chiqish saylov oldidan qilingan propaganda… Sababi keyingi paytda G`arbning bosimi biroz kuchaygan, prezident bu bosimlar saylovga ta’sir o`tkazmasin deb G`arb bilan aloqalarni tiklash masalasini ko`tarmoqda. Aslida esa prezidentining siyosati demokratik kuchlarga bosim o`tkazish bilan davom etadi”, - deydi Yo`ldoshev.

O`zbekistonning G`arb davlatlari bilan aloqalari 2005 yilda Andijonda sodir bo`lgan qonli voqealar ketidan yanada chigallashgan.

G`arb nazarida O`zbekiston hukumati buyrug’i bilan yuzlab namoyishchilar o`qqa tutilgan.

Tanqidlar avj olarkan, Karimov hukumati AQSh bilan aloqalarini chekladi. G`arbni fojialarni noto'g'ri talqin qilganlikda ayblab, o’nlab xalqaro tashkilotlarni mamlakatdan chiqarib yubordi.

O`zbekiston Andijon fojialarida hukumatni quvvatlagan Rossiya bilan aloqalarini ittifoqchilik darajasiga olib chiqdi.

XS
SM
MD
LG