Breaking News

Yevropa saylovda matbuot erkinligiga chaqirmoqda


Qirg’izistonda hafta yakunida parlament saylovlari. O’zbekiston esa 23 dekabrda prezident uchun ovoz beradi.

Qirg’izistonda saylovchilar parlamentga partiyaviy tizim asosida ovoz beradi, ya’ni biror partiya tanlansa, demak uning nomzodlari deputat bo’ladi.

O’zbekistonda esa tarixda ilk marta bir yoki ikki emas, to’rt kishi prezidentlik uchun nomzod sifatida tanlangan.

Har ikki davlatda hukumat yaqinlashayotgan saylovlarni tarixiy voqea deb atamoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti shunday ekan matbuotga bu “tarixiy jarayonlarni” yoritishga erkinlik bering, fikr va so’z erkinligini e’zozlashingizni isbotlang deya murojaat qilgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo’yicha maxsus vakili, venger jurnalisti, adibi va arbobi Miklosh Xarasti (Miklos Haraszti) “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Qirg’izistonda mustaqil matbuot taraqqiy eta boshlagan va saylovoldi jarayonlarini yoritib kelmoqda”,- deydi.

"Televideniyelar hali xilma-xil fikrlarni bemalol yorita olish salohiyatiga ega bo’lmasa-da, siyosiy maydondagi o’zgarishlar omma e’tiborida. Qirg’iziston hukumati, nazarimda, mintaqada eng mas’uliyatli ma’muriyat",- deydi rasmiy.

Janob Xarasti 24 oktyabrda O’shda jurnalist Alisher Soipov otib o’ldirilgani va prezident Kurmanbek Bakiyev tergov ishlarini shaxsan o’zi nazorat qilishga va’da berganini ham eslatadi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tergov izchil kechsin va oxiriga yetkazilsin deya undab kelmoqda.

Alisherning o’limida qo’shni O’zbekiston xavfsizlik xizmatining qo’li bor degan taxminlar nafaqat jurnalistni yaxshi bilgan manbalar, balki Qirg’iziston ombudsmani Tursunboy Bakir o’g’li tomonidan ham bildirilgan.

Miklosh Xarasti fikricha, O’zbekistonda prezident saylovlari oldidan ommaviy axborot vositalari faqat rasmiy ma’lumot berayotgani, xalq fikri o’rganilmayotgani va hukumatning matbuotdan propaganda vositasi sifatida foydalanayotgani tashvishga molik.

"Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan ishlash juda muhim. Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston biz bilan yaqindan ishlab kelmoqda",- deydi Miklosh Xarasti. “Umid qilamizki, O’zbekiston ham shu yo’ldan boradi”.

Qozog’iston 2010 yil Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish taraddudida. Mamlakat tashkilot nazarida siyosiy islohotlar yuz berayotganini isbotlay olgan, biroq u yerda ham so’z va matbuot erkinligi bobida qilinadigan ishlar talay.

"Qozog’istonda televideniyelarni monopoliyadan ozod etish kerak. Teleradiolar erkin emas. Muxolifatga tazyiq o’tkaziladi. Jurnalistlarning ham malakasini oshirish kerak. Jurnalistlar hukumatga qarshi tuhmat qildi, haqorat qildi deya ularni sudga tortish hollariga chek qo’yish kerak. Nazarimda rasmiylar ham, jurnalistlar ham o’z vazifasini ko’p hollarda yaxshi tushunmaydi. Bu nafaqat Qozog’iston balki butun Markaziy Osiyo bo’ylab ko’zga tashlanadigan xavotirli hol",- deydi Miklosh Xarasti.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakilining aytishicha, Qozog’istonga katta ishonch yuklangan va uning xalqaro tashkilotga bir yil raislik qilishi mintaqa uchun xalqaro hamjamiyat oldida katta sinov bo’ladi. Ungacha esa, deydi Miklosh Xarasti, “Qirg’izistondagi parlament, O’zbekistondagi prezident saylovlari nimani o’zgartirishini kuzatamiz”.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshidagi Demokratik Institutlar va Inson Huquqlari Idorasi O’zbekistonga cheklangan missiya jo’natgan. Maqsad saylovoldi jarayonlarini kuzatish, matbuot roli va faoliyatini o'rganish va fuqarolarning siyosiy bilimini tekshirish.

Missiyaga Avstriya elchisi Volter Sigl (Walter Siegl) boshchilik qilmoqda. Toshkentda to’qqiz kishi ishlayapti va mamlakat bo’ylab yana 12 kuzatuvchi ishga solingan. Tashkilot saylov kuni ovoz berish uchastkalarida bo’ladi, biroq izchil va keng qamrovli tekshiruvlar olib borilmaydi demoqda rasmiylar.

XS
SM
MD
LG