Breaking News

O'zbekiston matbuoti qachongacha sukut saqlaydi?


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O`zbekistondagi saylovoldi jarayoniga baho berar ekan, ommaviy axborot vositalarida tanqidiy chiqishlar yo’qligiga e’tibor qaratadi.

Kuzatuvchilar nazarida bugun matbuot xodimlarining axborot olishi yanada cheklangan.

O`zbekistonda senzura rasman bekor qilinganiga besh yildan ko`proq vaqt o`tgan, ammo matbuot keskin nazorat ostida qolmoqda.

Mustaql jurnalistlar ta’kidigaga ko`ra, senzorlik vazifasi bosh muharrirlarga yuklangan.

Markaziy Saylov Komissiyasi targ’ibot kampaniyasi uchun prezidentlikka nomzodlarda partiyaviy nashrlar borligini, tashabbuskor guruh nomzodi Akmal Saidovga “Jamiyat” gazetasi biriktirilganini takidlab o`tadi.

Saylov kampaniyasi boshlangandan keyin matbuotda birorta tahliliy yoki tanqidiy chiqish uchramaydi.

Matbuotdagi ma’lumotlar nomzodlarning dasturi, ularning joylardagi uchrashuvlari haqida rasmiy xabarlardan iborat.

Mustaqil jurnalist Sid Yanishev fikriga ko`ra, mahalliy matbuotda saylov bir yoqlama yoritilmoqda, faqat yuqoridan berilayotgan topshiriqlar asosida lavhalar efirga uzatilmoqda.

“Siyosiy tahlil, tanqid qilish mumkin emas. Nomzodlarning hammasi yaxshi, go`yoki haqiqiy muqobil nomzodlar”, - deydi u.

O`zbekiston radiosining muxbirlaridan biri O`ljaboy Qarshiyevning aytishicha, matbuot saylovlarni yetarli yoritmoqda.

“Televideniyedagi debatlar, matbuotdagi chiqishlar orqali jamoatchilikning qarashi kengaymoqda”, - deydi u.

Nima sababdan matbuotda saylov va nomzodlar haqida tanqidiy-tahliliy lavhalari berilmayotgani haqida Qarshiyev shunday izoh beradi:

“Eng muhimi nomzod nimani amalga oshirmoqchi, qanday pozitsiyada - shu haqda gapirilgani ma’qul”, - deydi Qarshiyev.

Prezidentlikka nomzod Akmal Saidovning targ`ibot kampaniyasi uchun biriktirilgan “Jamiyat” gazetasi tahririyati bu mavzuni muhokama qilishga vaqti yo`qligini bildirgan.

Ayrim manbalarga ko`ra, saylov kampaniyasini yoritishda muharrirlarga senzorlik bobida qo`shimcha topshiriqlar berilgan.

O`zbekiston matbuotida cheklangan mavzulardan biri – prezident Islom Karimovning uchinchi muddatga ko`rsatilayotgani va buning qanchalik qonuniyligi.

“Agar biror mahalliy ommaviy axborot vositasi amaldagi prezidentning uchinchi muddatga ko`rsatilayotgani konstitusiyani qo`pol ravishda buzish degani deb yozganda edi, mamlakatda matbuot erkinligi borasida qandaydir siljish bo`layotganini aytish mumkin bo`lar edi. Afsuski, hozirgacha mamlakatdagi birorta axborot vositasi bu haqda hech narsa demadi”, - deydi mustqil jurnalist Sid Yanishev.

Jurnalistlar fikricha, avvalo ochiq tanqidni e’lon qila oladigan axborot vositasi lozim. Shundan so`ng jurnalistda ichki senzura bor-yo`qligi haqida gapirish mumkin.

XS
SM
MD
LG