Qozog’iston 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qiladi. Ayrimlar buni tashkilot uchun salbiy hol desa, boshqalar nazarida bunday imkoniyat Qozog’istonning demokratik taraqqiyotiga foyda keltirishi mumkin.
Qozog’istonga raislikni berish qarori noyabr oyi oxirida Madridda tashkilotning Vazirlar Kengashi majlisida qabul qilingan. Qozog’iston 2009 yil uchun raislikni qo’lga kiritishga umidvor edi, biroq ayrim G’arb davlatlari rasmiy Ostona tashkilot tomonidan qo’yilgan talab va islohotlarni 2009 yilgacha amalga oshirishga ulgurmaydi, deya Qozog’iston raisligini bir yilga kechiktirishga qaror qilgan.
Human Rights Watch kabi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi guruhlar Yevropa tashkilotining qarorini tanqid qilib, Qozog’iston raislik qilishga tayyormas deydi.
AQSh Davlat kotibi muovini Nikolas Byornsning aytishicha, Qozog’iston 2010 yilgacha qator islohotlarni amalga oshirishga va’da bergan.
"Qozog’iston kelasi yil oxirigacha saylovlar haqidagi qonunni isloh qilishga, siyosiy guruhlarning ro’yxatdan o’tish tartibini yengillashtirishga, ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti talablari asosida muvofiqlashtirishga va qator boshqa islohotlarni amalga oshirishga va’da berdi," deydi Nikolas Byorns.
Qozog’istonning Pavlodar shahridagi Mintaqaviy jurnalistikani qo'llab-quvvatlash markazi rahbari Asqar Shomshekov Qozog’istonda 2010 yilgacha jiddiy siyosiy o’zgarishlar bo’lishiga ishonmaydi.
"Qozog’iston va’dalari xalqaro jamoatchilikni chalg’itishga qaratilgan. Chunki agar hukumat tashkilotning barcha talablarini qondirsa, tuzumning kuni bitadi. Erkin matbuot, odil adliya tizimi, ochiq saylovlar amaldagi hukumatni boshqaruv vositasidan ayiradi," deydi Shomshekov.
Mutaxassis fikricha, Qozog’istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishi ko’proq hukumat uchun, xo’ja-ko’rsinga kerak. Xalqqa esa bundan foyda yo’q.
Ayrimlar nazarida aynan Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi vakilining tashkilotga raislik qilishi tashkilotni Hamdo’stlikning boshqa vakillari hujumidan himoya qilishda qo’l keladi. Xususan, Rossiya, Belarus va O’zbekiston hujumidan.
Tashkilotning o’tgan oy Madridda o’tgan Vazirlar Kengashi majlisida ushbu davlatlar tomonidan uni isloh qilishga qaratilgan rezolyutsiya loyihasi o’tmagan.
Nomlari tilga olingan davlatlardan tashqari Rossiya rejasini Armaniston, Qirg’iziston, Tojikiston va Qozog’istonning o’zi ham qo’llab-quvvatlagan.
Biroq, deydi AQSh Davlat kotibi muovini Nikolas Byorns, Qozog’iston tashkilotni zaiflashtirishga qaratilgan har qanday harakatga qarshi turishga va’da bergan.
Rossiya rejasiga ko’ra, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatishga javob beruvchi organi – Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasining ishi a’zo davlatlar tomonidan boshqarilishi kerak. Gap shundaki, idora tashkilotning qaror chiqaruvchi organi – Doimiy Kengashga bo’ysunmaydi. Kengash qarorlarini qabul qilishda har bir a’zo davlat teng ovozga ega. Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi esa bevosita tashkilot raisiga hisobot beradi. Rossiya tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya qabul qilinganida, deydi ba’zi mutaxassislar, saylovlarni kuzatuvchi idora o’z muxtoriyatini yo’qotib, uning betarafligiga putur yetgan bo’lardi.
Ma’lumki, ushbu idora Rossiyadagi parlament saylovlariga kuzatuvchi yubormagan, Qirg’izistondagi saylovlarni tanqid ostiga olgan, O’zbekistondagi saylovlarni kuzatish uchun cheklangan guruh tayinlagan.