Breaking News

Afg'on adibining mashhur asari jahon ekranlarida


Afg’on adibi Xolid Husayniyning (Khaled Hosseini) “Varrak ortidan uchgan armonlar” asarida sovetlar bosqinidan avvalgi Afg’oniston, Tolibon hokimiyati, xalq boshiga tushgan qora kunlar – bularning bari afg’on bolasi tilidan hikoya qilinadi.

Yaqinda Gollivud kino ustasi Mark Foster (Marc Foster) asarni ekranlashtirdi.

Amir San-Fransiskoda yashayotgan afg’on. Kutilmagan xabar uni vataniga, Tolibon hukmronlik qilayotgan Afg’onistonga qaytishga majbur qiladi.

Xaroba Afg’oniston bo’ylab marhum do’sti Xasanning o’g'li – Suhrobni qidirar ekan, qahramonimiz Kobuldagi beg’ubor bolalik yillarini esga oladi. 1970-yillar oxiri. Ikki oshna – Amir va Xasan Kobulda varrakchilar musobaqasida g’olib chiqadi. Eng yorqin va baxtiyor damlar.

Ammo varrak ketidan yugurgan Xasanni bezori o’smirlar guruhi tutib olib, zo’rlaydi. Xasanni qidirib kelgan Amir voqeani ko’radi-yu, do’stining yonini olishga, uni qutqarishga jasorati yetmaydi. O’zining qo’rqoqligidan g’azablangan Amir kutilmaganda alamini Xasandan ola boshlaydi.

Oradan ko’p o’tmay Sovet Ittifoqi Afg’onistonga kiradi va Amir otasi bilan Kobulni tark etib, keyinchalik Amerikaga yo’l oladi. Ikki do’st o’rtasida aloqa shu yerda uziladi. Oradan yillar o’tadi, biroq Amirni vijdon azobi o’rtaydi. Suhrobni izlab boradi.

Asarda yosh bolarning jinsiy zo’rlanishi va buning filmdagi aksi afg’on jamoatchiligi orasida norozilik uyg’otgan. Amir rolini ijro etgan aktyor Xolid Abdulla fikricha, Afg’onistonda ko’plab mavzular atayin chetlab o’tiladi, ochiq muhokama qilinmaydi. Asarda ana shu illatlar fosh etiladi.

“Taqiqlangan mavzular bor. Ular emin-erkin tahlil qilinishi zarur. Bu kamchiliklarga qarshi kurashish lozim”.

Filmda Amirning Amerikadagi hayoti, o’zga madaniyatga moslashish mavzusi ham o’z ifodasini topgan. Filmdagi qahramonlar va undagi voqealar afg’onlarga begona emas.

“Film namoyishi paytida bir afg’on ayoli o’rnidan turib, “Tashakkur, film mening jamiyatimni, biz boshdan kechirgan kunlarni aks ettiribdi. Unda madaniyatim va tarixim ko’rsatilgan. Xoh shodlik, xoh g’am-anduh bo’lsin, bari. Hammasi ochiq aytilgan” dedi.

“Varrak ortidan uchgan armonlar” kitobi muallifi Xolid Xusayniy fikricha gap faqat afg’on taqdiri ustida ketmayapti.

“Ayb, do’stlik, xiyonat, sadoqat, afsus-nadomat, insoniylikka intilish… Bu faqat afg’onlarga xos his-tuyg’ular emas. Inson borki, buni boshdan kechiradi.

Filmda turli millat vakillari suratga tushgan. Asli misrlik Xolid Abdulla Amir rolini ijro etish uchun bir oy davomida dari tilini o’rgandi. Tili ojizlik qilganida imo-ishorani ishga soldi.

Amir va Xasanning bolalikdagi obrazini afg’onlar - Zakariya Ibrohimiy va Ahmad Xon Mahmudzoda o’ynagan. Bu – ularning ilk roli. Kartina Gollivuddagi nufuzli mukofotlardan biri Golden Globe, Oltin Globus sovriniga ko’rsatilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG