Breaking News

AQShdagi musulmon yoshlar uchun dasturilamal


Arizonada yashovchi Dilora Hofiz yakshanba kunlari bolalarga islomdan saboq beradi. 11 sentyabr voqealaridan so’ng musulmon bolalari jiddiy sinov bilan yuzlashmoqda, deydi u.

Uning o’g’li Imron o’shanda 11 yoshda edi. Sinfdoshlari Imronni yakkalab qo’ygan.

“Deylik, futbol o’ynasak, bolalar meni chetlashtirib qo’yar edi. “Nimaga?” deb so’rasam, “Musulmon bo’lganing uchun, Tolibon bilan birgasan” deb javob berishar edi. Qanday tushuntiray? Islomga e’tiqod qilish terrorist bo’lish degani emas-ku! Koshki, qo’limdan biror narsa kelsa”.

Odamlardagi bu yanglish tasavvurni yengish uchun biror kitob yoxud darslik ham yo’q edi, deydi Imronning opasi, 17 yoshli Yasmin.

“Kitob do’konini boshdan oyoq qidirib chiqdim. Nasroniy va yahudiylar uchun adabiyotlar bor, lekin islom haqida aksincha”.

Shundan so’ng Dilora Hofiz musulmon yoshlari uchun kichik qo’llanma yaratishga jazm etadi.

“Amerikadagi 40 musulmon maktabida so’rov jo’natdik. Yosh musulmonlar qanday muammolar bilan yuzlashmoqda? Ularning jamiyatdagi o’rni qanday? Musulmon bo’lish nimani anglatadi? Islomga e’tiqod qilib yashash osonmi? Shu kabi savollarga javob izladik”.

Javoblar shundan guvohlik berdiki, Qo’shma Shtatlardagi barcha musulmonlar o’xshash muammolar bilan yuzlashayotgan ekan.

Dilora Hofiz va uning farzandlari ana shu ma’lumotlar asosida kitob yaratishga kirishdi. Unda islomdagi asosiy tushunchalar, Qur’ondan ko’chirmalar va unga izoh, payg’ambar Muhammad haqida rivoyatlar keltiriladi.

“Ko’pchilikning diqqatini tortgan 4-bo’limda uchrashuvga chiqish, raqsga tushish, ichkilik va narkotiklar haqida so’z boradi. Masalaga Qur’ondagi asosiy tamoyillardan kelib chiqqan holda yondashdik. Shu bilan birga g’arbda mavjud vaziyat, yoshlar kunda olayotgan axborotni ham inobatga oldik”.

Qo’llanmani yozishga 2 yil vaqt ketdi. Yaqinda asar Xitoy tiliga o’girildi.

Agar odamzot boshqa din vakillariga sabr-toqat va e’tibor bilan muomala qilsa, sayyoramizda nizo va adovat barham topadi, deydi Hofizlar oilasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG