Breaking News

Energetika boyliklari Rossiyaning yangi qurolimi?


Neftning tobora qimmatlashayotgani, Rossiya salohiyatining oshishiga olib kelmoqda. Neftga boy Kaspiy mintaqasi uchun raqobatni kuchaytirmoqda. Asosiy o’yinchilar – G’arb va Rossiya. Neft quvurlari siyosatni tebratuvchi vositaga aylangan.

Kaspiy dengizida Britaniyaning British Petroleum kompaniyasi neft qazish ishlarini olib bormoqda. Zaxira taxminan 5.4 milliard barrelga teng. Qora oltin bu yerdan to’g’ridan-to’g’ri Ozarbayjonga, Boku yaqinida joylashgan Sangachal terminaliga jo’natiladi. Rossiyani chetlab o’tib Yevropa va Osiyoga yetkazish uchun aylanma yo’ldan foydalanish mumkin.

Kuniga bir million barrel qora oltin tashuvchi quvur uni shimolga, Tbilisiga, u yerdan esa O’rtayer dengiziga – Turkiyaning Jayxun portiga yetkazadi. Bu yerdan tankerlar orqali jahon bozoriga olib chiqiladi. Kaspiy mintaqasi hozirda dunyo neft ehtiyojlarining bir qismini qondiradi xolos, biroq mintaqa xazinasi Rossiya va Saudiya Arabistoni zahiralaridan qolishmaydi.

Kaspiyda rejalanayotgan loyihalar dunyoda siyosiy muvozanatni o’zgartirishi mumkin, deydi Vashingtonda siyosiy tahlilchi Aleks Alekseyev.

“Gaz va neft zahiralari ustidan nazorat bu – kuch, iqtisodiy qudrat degani”, - deydi u.

G’arb davlatlari Boku-Tbilisi-Jayxun quvurini katta yutuq deb hisoblasa-da, Kaspiy neft va gazining katta qismi hamon Rossiya hududidan o’tadi. Turkmaniston ham Rossiyaga ko’proq gaz sotmoqchi. Ikki mamlakat yangi quvur qurishga kelishib olingan.

Ammo Alekseyevning ogohlantirishicha, Rossiya yonilg’i zahiralaridan siyosiy maqsadlarda foydalanishni boshlagan.

“Kapitalistik bozorda mol, xomashyo, resurslar daromad ko’rish uchun sotiladi, ishlab chiqariladi. Lekin Rossiyaning maqsadi kengroq – resurslar Kreml uchun siyosiy qurol hamdir”, - deydi Alekseyev.

Markaziy Osiyo Neft quvuri Rossiyani chetlab o’tib, Kaspiy resurslarini Afg’oniston va Pokiston orqali sharqqa yetkazishi rejalangan, biroq mintaqa notinch ekani tufayli qurilish kechiktirilgan. Rossiya yaqinda Ukraina va Belarusga yonilg’ini kesib qo’ygani tanqid ostiga olingan edi. Bunday agressiv siyosat, deydi tahlilchilar, muqobil quvurlar, ya’ni Boku-Tbilisi-Jayxun loyihasi naqadar muhim ekanini ko’rsatadi.

Vugar Bayramov – Bokudagi iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot markazi xodimi.

“Ozarbayjon, G’arb hamkori va Kaspiy mintaqasidan gaz eksport qilish maqsadida Nabucco nomli yangi quvur loyihasini qo’llab-quvvatlamoqda”, - deydi Bayramov.

Unga ko’ra, Rossiya do’stlikni emas, faqat o’z manfaatlarini o’ylaydi.

“G’arb davlatlari hamkorlariga moliyaviy yordam, madad beradi. Rossiya misolida bunday saxiylikni hali ko’rganimiz yo’q”, - deydi Bayramov.

Boku-Tbilisi-Jayxun neft quvuri qurilayotganda Rossiya hozirgidek qudratga ega emas edi.

Ammo neft narxi oshib borar ekan, mamlakatning iqtisodiy nufuzi oshgan. Jahon sahnasida o’z obro’sini tiklamoqchi, deydi Berlinda siyosiy tahlilchi Aleksandr Rar.

“Rossiya salohiyatini barchaga namoyish etmoqchi”, - deydi u.

Tahlilchi nazarida Kreml Osiyo va Yevropa bozorlariga neft va gaz yetkazish ustidan monopoliyani qo’lga kiritish payida. Biroq global bozorni nazorat qilish mushkul vazifa.

“Rossiya neft va gazini sotish uchun g’arb bozorlariga muhtoj. Agar bozorga o’z shartlarini qo’ymoqchi bo’lsa, G’arbning beliga tepsa, yonilg’idan siyosiy qurol sifatida foydalanmoqchi bo’lsa, biladi-ki bozordan ham, imtiyozlardan ham ayriladi”, - deydi Rar.
Rossiyani hovuridan tushirish uchun Kaspiydan Yevropaga yonilg’i yetkazish yo’llarini ishlab chiqish kerak deydi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG