Inson huquqlarini himoya qiluvchi Freedom House, ya’ni “Ozodlik Uyi” tashkilotiga ko’ra, dunyoning ko’pgina qismlarida, jumladan Rossiya, Misr, Eron, Keniya va Pokistonda siyosiy erkinlik tobora cheklanmoqda.
O’zbekiston bu yil ham “yomonlar yomoni” ro’yxatidan joy olgan.
Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot tahlilicha, hozirda dunyo ahlining taxminan yarmi erkin jamiyatlarda yashamoqda.
“Ozodlik Uyi” 30 yildan beri 193 davlatdagi erkinlik darajasini o’lchab keladi. 2007 yil chekinish davri bo’ldi deydi tashkilot xodimi Ark Puddington.
“So’nggi paytda Janubiy Osiyo erkinlik keskin cheklangan mintaqa. Biroq shu qatorda, sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Quyi Saxara ham qolishmaydi.”
Filipin kabi mamlakatlarga bir paytlar erkinlik timsoli deb qarashar edi.
Ark Puddingtonning aytishicha xususan Rossiya, Qozog’iston, Ozarbayjon va Venesuela kabi neftga boy davlatlarda demokratiya bobida chekinish kuzatilmoqda.
Bu davlatlarda hukumat tanqidchilari qamoqqa tashlanmoqda. Soliq idoralari yordamida no-hukumat tashkilotlariga bosim o’tkazmoqda.
Tashkilot ta’rificha, 90 davlat bugun “erkin”. Oltmishtasi “qisman erkin” va 43 tasida “erkinlik yo’q.”
Kristofer Voker – sobiq Sovet davlatlari bo’yicha mutaxassis. Ularning aksariyatida avtoritar tuzumlar avj olmoqda, deydi u.
Erkin bo’lmagan 43 davlat orasidan 8 tasi tanlanib, ularga fuqaro erkinligi nuqtai nazaridan eng past baho berilgan. “Yomonlarning yomoni” qatorida Kuba, Shimoliy Koreya, Turkmaniston, O’zbekiston, Liviya, Sudan, Birma va Somali tilga olinadi.
Rangli inqiloblarni boshdan kechirgan ikki mamlakat – Qirg’iziston va Gruziyaga ham salbiy baho berilgan. “Ozodlik Uyi” Gruziyada hukumatga qarshi namoyishlarning kuch bilan bostirilgani va favqulodda holat e’lon qilingani, shuningdek Rossiyada parlament saylovlari adolatsiz o’tganini qoralagan.
Osiyoshunos tadqiqotchi Karin Karlekar 2007 yilda Afg’oniston va Pokistonda ahvol og’irlashdi deydi. Biroq muxolif guruhlarning jonlangani ijobiy holat deydi u.
Vashingtonda joylashgan Heritage Foundation siyosiy tahlil markazi ham yaqinda iqtisodiy erkinlik ko’rsatkichlarini chop etdi. Gong-Kong va Singapur bu borada mana 14 yildirki birinchi va ikkinchi o’rinlarni boy bermay keladi.
Mulkka egalik huquqi, korrupsiyaga qarshi kurash, mehnat va biznes sharoitiga baho beruvchi bu tahlilnomada AQSh beshinchi o’rinda. Uchinchi va to’rtinchi pog’onada – Avstraliya va Irlandiya.
Iqtisodchi olim Entoni Kim Estoniya, Litva, Latviya, Sloveniya va Slovakiyada soliq va biznesni idora etuvchi qonunlar islohotini olqishlaydi.
Uning aytishicha, iqtisodiy erkinlik jihatdan o’tgan yil ichida katta yutuqqa erishgan davlatlar bu Misr, Bahrayn va Mavrikiy orollari.
O’zbekistonga 157 davlat ichida 130-o’rin nasib etgan. Bu ko’rsatkich o’tgan yilga qaraganda 0.3 foizga yaxshiroq.
Rossiya 134-o’rinda bo’lsa, Turkmaniston 152-o’rinda. Mintaqada iqtisodiy erkinliklar eng yaxshi ta’minlangan mamlakat - Qirg’iziston. Xalqaro ro’yxatda 70-o’rinda.
Vashingtonda asoslangan markaz xulosasiga ko’ra, O’zbekistonda biznes va mehnat uchun sharoit nisbatan yaxshilangan. Shaxsiy daromad solig’i ham o’rtacha. Soliqlar mamlakat umum daromadining 20 foizini tashkil etadi.
Biroq sarmoya, mulkdorlik va moliyaviy erkinlik bobida qilinadigan ishlar talaygina. Korrupsiya jamiyat va hukumatning har bir jabhasida chuqur ildiz otgan. Inflyatsiya darajasi “dahshatli nuqtaga yetgan”.