Breaking News

Islom Karimov Yevropa Ittifoqi vakili bilan uchrashdi


O’zbekiston prezidenti Islom Karimov qasamyod qabul qilganidan bir kun o’tib, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Pyer Morelni (Pierre Morel) qabul qilgan.

Morel Karimovni prezidentlikka uchinchi muddatga saylanishi bilan tabriklagan.

O’zbekiston axborot agentligining (O'zA) ma’lumot berishicha, Yevropa Ittifoqi vakili O’zbekistonni ishonchli hamkor deb atagan. Ittifoq aloqalarni mustahkamlash, rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Kuzatuvchilar nazarida uchrashuvni tasodif deyish qiyin.

“Tasodif emas, O`zbekiston aloqalarni yaxshilaymiz deb aytgan. Albatta [Yevropa vakili] O`zbekistonni roziligi bilan keladi, chunki viza olish, maxsus odamlar bilan gaplashish masalasi bor. Lekin tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan bildirilgan”, - deydi sharhlovchi Toshpo’lat Yo’ldoshev.

Uning fikricha, uchrashuvning maqsadi Islom Karimovni tabriklash bilan cheklanmaydi.

“Tashrif sababi prezident Islom Karimovni yangi muddat bilan tabriklash emas. Inson huquqlarini ta’minlash, qiynoqlarni to’xtatish, ta’qiblarni kamaytirish kabi Yevropa Ittifoqi davlatlarining talablarini Islom Karimovga bildirishdir. Ularning muzokaralari murakkab o`tgan. Yevropa Ittifoqining asosiy talabi bu davlat rahbari oldiga qo’yiladigan talablar”, - deydi Yo’ldoshev.

O’zbekiston muxolifati vakillari, huquq himoyachilari nazarida ayni paytda rasmiy Toshkentdan demokratik o`zgarishlarni talab qila oladigan yagona kuch bu Yevropa Ittifoqi.

Ittifoqning O’zbekiston bilan munosabatlarini 2005 yilgi Andijon fojeasidan so’ng bir necha bosqichga bo`lish mumkin.

Avvaliga ittifoq rasmiy Toshkentni ayblab O`zbekistonga sanksiyalar joriy etdi. Keyinchalik sanksiyalar yumshatildi. Hozirga kelib O`zbekistonga qurol-yarog’ sotishni taqiqlovchi ramziy sanksiya kuchda qolgan xolos.

Siyosatdonlar Yevropa Ittifoqining O’zbekiston bilan munosabatlarini mintaqaga, energetik zahiralarga va o’zbek paxtasiga bo’lgan qiziqish bilan, shuningdek O’zbekistonning mintaqadagi strategik joylashuvi bilan sharhlaydi.

Ittifoq rasmiylari O’zbekistonda olim jazosi bekor qilingani, qamoqqa olish vakolati sudlarga berilganini olqishlagan.

Biroq mahalliy faollar O’zbekistonda tazyiqlar, qiynoqlar kuchayayotgan bir pallada Yevropa Ittifoqi sanksiyalari yumshatilganidan norozi. Ularga ko’ra mamlakat konstitusiyasi qo’pol ravishda buzilib, Islom Karimovning uchinchi muddatga saylangani demokratik islohotlar xomxayol ekanini ko’rsatmoqda.

Siysatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, Pier Morelning tashrifi 2008 yilda Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston aloqalari qanday rivojlanishini ko’rsatuvchi ilk belgidir.

“Munosabatlar avvalgicha qolmoqda. Men bu tashrif tufayli biror ijobiy natijalar bo`ladi deyishdan yiroqman. Har holda Yevropa Ittifoqi tomonidan shunday bir belgi beriladi, qolaversa prezident yangidan saylandi. Xalqaro hamjamiyat 2008 yilda O`zbekistonda o`zgarishlar bo`lishini kutishga haqli”, - deydi Farhod Tolipov.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra Yevropa Ittifoqi rasmiysi qamoqdagi shoir Yusuf Juma taqdiri yuzasidan ham muzokara yuritgan.

XS
SM
MD
LG