Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Afg’onistonning to’rt viloyatida bir milliondan oshiq aholi oziq-ovqatga muhtoj.
O’nlab qishloqlarda yo’llar yopiq, mahsulot yetkazishning deyarli iloji yo’q.
Afg’onistonning g’arbiy va markaziy qismlarida qish odatda sovuq keladi, lekin bu yili haddan ziyod qor yoqqani bois aholi nochor ahvolda.
BMT hisobicha kamida 200 kishi – asosan bolalar va qariyalar – sovuqdan o’lgan. Hirot, Faroh, Bag’dis, G’or hamda Dai-Kundi viloyatlarida ahvol tang.
BMT xodimi Elizabet Bayers G’or viloyatida 100 ga yaqin qishloqda yo’llar yopilgan, qor ko’chishi natijasida o’nlab odam halok bo’lgan deydi. Havo orqali yordam yetkazish ham murakkab.
BMT agentliklari Afg’onistonning turli mintaqalarida aholi qishdan o’tib olishi uchun oziq-ovqat jamg’aradi. Biroq bu yil tayyorgarlik sust bo’lgani aytilmoqda.
Elizabet Bayersning aytishicha, aholi 42 ming bosh uy hayvonidan ayrilgan. Oziq-ovqat zahiralari yangilanmas ekan, go’sht va boshqa mahsulotlar qimmatlashmoqda.