Breaking News

Olimlar fikricha yagona turkiy til uzoq va puxta izlanishni talab qiladi


O`zbek ziyolilari fikricha yagona turkiy tilni shakllantirish masalasi XX asr boshida ham ko`tarilgan, biroq ma`lum sabablarga ko`ra amalga oshmagan.

Ozarbayjonda o`tgan Turkiy Davlatlar Qurultoyida usmoniy turklar tilini o’zak sifatida qabul qilish taklif qilingan.

Tilshunos olim Baxtiyor Isabek nazarida muammo turkman, tatar yoki turk tilini asos qilib olishda emas, balki millatchilik uchun zamin yaratmaslikda.

“Men shundan xavotirdaman. O`zimning munosabatimga kelsak, bitta turk tilini qabul qilsak yoki mushtarak til ishlab chiqsak, bu til turkiy davlatlar o`rtasida muomalada kirsa, hamma qavmlar yutadi. Bir necha davlatda to`g’ridan-to`g’ri shu tilda gaplashish imkoniyati bo`ladi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Yozuvchi Zohir A`lamning aytishicha, umumiy alifboni tiklash bo`yicha ish olib borish kerak. 80-100 yil avval qardosh xalqlar bir-birini tarjimonsiz tushungan, hozirga kelib esa bu xususiyat yo`qolgan.

“Sabab - alifbolarimizni tuzishda rus olimlari yetakchilik qilgan. Buzilgan. Ya’ni bitta tovush o`zbekchada boshqa, tatarchada boshqa. Agar usmoniy turkcha qabul qilingan taqdirda ham o`zgartirish kiritish zarur. Masalan, ular “n” tovushini yo`qotib yuborishdi. Vaholanki, bu tovush turklarda hamisha bo`lgan”, - deydi Zohir A`lam.

Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul nazarida aslida umumiy turkiy tilni shakllantirishga u qadar ehtiyoj yo`q.

“Adabiyot, tarix dasrliklarini umumiy bir tilda o`qish mumkin. Lekin bir tilni bayroq qilib ko`tarib, shu atrofida birlashamiz deyish to`g’ri emas, menimcha”, - deydi Ibrohim Haqqul.

Shoir Miraziz A`zamning aytishicha, yagona tilni joriy etish ma’muriy choraga o`xshab qolishi va bu hammaga ham ma`qul bo`lmasligi mumkin.

“Masalan, qozoqlar yoki qirg`izlar bizga unchalik to`g`ri kelmaydi deb qolishi mumkin. Lekin hamma imkoniyatlarni bir alfavit, lug’at asosida yig’ib, ish boshlansa, shunda tarixning o`zi olib keladi umumiy turkiy tilga”, - deydi Miraziz A`zam.

O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning aytishicha mushtarak turkiy til shakllantirish ziyolilar, tilchilar birgalikda muhokama qilinadigan masala, biroq hozircha o`zbek tilchilari, ziyolilari bu jarayondan chetda qolib ketmoqda.

“Bu narsani har bir xalq o`zicha hal etishi mumkin emas, lekin nazarimda turkiy olimlar, tilshunoslar orasida bunday harakat yo`q. Bo`lgan taqdirda ham o`zbek tilshunoslari bundan chetda qolayotganga o`xshaydi. Bu albatta achinarli. Menimcha, xalqlar qaysi tilda ko`proq gaplashayotgan bo`lsa, shu tilni asos qilib, uning atrofida ilmiy izlanishlar boshlash kerak. Buning uchun moddiy va ma`naviy jihatdan juda katta ishlarni olib borish, ancha og`ir sinovlarni yengib o`tish lozim bo`ladi”, - deydi Tohir Malik.

XS
SM
MD
LG