Breaking News

AQShning Afg'onistonda Sovet istilosi paytidagi qilmishlari haqida film


Gollivudda suratga olingan va yaqinda katta ekran yuzini ko'rgan "Charli Vilsonning Urushi" filmi Afg’onistonning Sovet Ittifoqi tomonidan bosib olinishi, unga qarshi mujohidlar harakati va bu kuchlarning AQSh tomonidan qanday quvvatlanganiga o’zgacha qarash deya baholanmoqda.

Kino kritiklar nazarida kartina zamonaviy tarix sahifalaridan chetda qolgan haqiqatni aks ettiradi.

“Charli Vilsonning urushi” bosh qahramoni - tinib-tinchimas va shum kongressmen Charli Vilson. Kongressda 1973-1997 yillar orasida xizmat qilgan.

Jamiyatdagi an’analarni pisand qilmaslik, tartib-qoidalarni buzish orqali tanilgan Vilson Sovet Ittifoqining Afg’onistonga bostirib kirganini qoralab chiqadi.

Taniqli aktyor Tom Xenks uning rolni ijro etgan. Charli Vilson kinodan rozi.

“Men haqimda istagan narsani gapirishingniz mumkin. Chunki siz eshitganlarning ko’pi rost. Shu ishlarni qilganman",- deydi u. Film uning fikricha tarixiy voqealar mohiyatini tushuntira olgan.

Gollivud yulduzi Juliya Roberts kommunistlarni jinni suymaydigan texaslik badavlat ayol - Joan Xerring obrazini ijro etadi. U Vilsonni Kongressdagi mavqeidan foydalanishga, Afg’onistonda isyonchilik harakatini avj oldirishga ko’mak beradi.

Aktyor Filipp Seymur Xoffman SRU agenti rolini o’ynaydi. U Vilson bilan birga afg’onlarni harbiy aslaha va qurol bilan ta’minlaydi. Pokiston prezidenti Ziyo ul-Haq ro’lini esa – mashhur hind aktyori Om Puri ijro etgan.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi maxfiy urush uchun dastlab 5 million dollar ajratish haqida o’ylangan bo’lsa, Vilsonning sa’y-harakati bilan bu raqam yiliga yarim milliard dollarga chiqadi.

“Buni uydirma deyishga odamning tili bormaydi. Albatta, ba’zilar ishonmasligi mumkin. Tasavvur qiling, birgina inson butun mamlakat taqdirini butunlay o’zgartirib yuborishi mumkin!”.

Sovet qo’shinlari Afg’onistonni tark eta boshlagach, Vilson Afg’onistonni tiklash uchun Kongressdan pul undirishga harakat qiladi, ammo barcha urinishlar zoye ketadi.

AQShda siyosatdonlar Vashintonning 1980-yillarda Afg'onistonda mujohidlarni Sovet Ittifoqiga qarshi qayraganini va moylaganini tan oladi. "Charli Vilsonning Urushi" Amerikaning yaqin o'tmishdagi siyosiy strategiyalarini savolga tutadi.

XS
SM
MD
LG