Afg’oniston hali ham notinch, Tolibon mamlakatning turli burchaklarida hamon faol ekan, Markaziy Osiyoda hukumatlar ancha sarosimaga tushib qolgan.
AQSh mintaqani Afg’onistonni qayta tiklash, iqtisodini rivojlantirish uchun hissa qo’shishga va bu xalqqa ko’mak berishga undab keladi.
O’zbekiston-Amerika rasmiylari o’rtasida kechgan so’nggi muzokaralarda ham aynan shu masala muhokama qilingan. Vashington Markaziy va Janubiy Osiyo bir-biri bilan yaqinlashishi va Afg’oniston bu aloqalar markazi bo’lishi lozim degan fikrda.
Pokistonda ham beqarorlik kuchayar ekan, NATO va AQSh qurolli kuchlari tinchlikka faqat ustuvor kuch bilan erishib bo'lmasligi haqida ogohlantirmoqda.
Keyingi yillarda Afg`oniston taraqqiyoti uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan katta mablag' ajratilgan, biroq sarmoya hozircha samara bermagan. Asosiy sabab sifatida Afg`oniston hukumatidagi chuqur korrupsiya ko’rsatiladi.
“G`arb davlatlarini asosiy bosh og’rig’i Afg`oniston bo`lib qolmoqda. Ular bu mamlakat uchun 24 milliard dollarga teng yordam puli ajratgan”, - deydi tahlilchi Toshpo`lat Yo`ldoshev.
Uning fikricha bu mablag`ni to`gridan- to`g`ri Afg`onistonga berib bo`lmaydi. Moliyaning o’marilish xavfi bor. Yordam naqd pul emas, Afg`onistonga zarur mahsulotlar va xizmatlar shaklida kiritilmoqda. Bunda Markaziy Osiyo muhim rol o'ynaydi.
“AQSh bu mablag`larni, masalan, O`zbekistonga joylamoqda. O`zbekistondan Afg’onistonga tovarlar va uskunalar jo`natiladi. Transformator zavodlari Afg`onistondan kelgan buyurtma asosida ishlamoqda. AQSh buyurtmasiga ko`ra, O`zbekistonda eskirgan samolyotlar va harbiy texnika ta`mirlanishi mumkin ”, - deydi Yo`ldoshev.
Prezident Islom Karimov mintaqa xavfsizligi haqida gapirganda asosan Afg`onistondagi vaziyatdan xavotirda ekanini aytib keladi.
Sharhlovchi Komron Aliyev fikricha AQSh-O`zbekiston aloqalari tiklansa, Afg’oniston iqtisodiyotida O`zbekiston ishtiroki ham kuchayadi.
“Yangi hukumat vujudga kelgan davrda o`zbekistonlik quruvchilar to`qqizta ko`prik barpo etish uchun buyurtma olgan edi. Avtomobil yo`llari qurish bo`yicha ham buyurtmalar olingan edi. Keyingi 3-4 yilda bu harakat sustlashgan, ammo yaqin kelajakda yana jadalashishiga umid bor”, - deydi Aliyev.
Tahlilchilar nazarida Markaziy Osiyo davlatlari AQSh boshliq harbiy koalitsiyaning Afg’onistondagi missiyalarini boshidan qo`llab-quvvatlagan. Bu mamlakatdagi barqororlik birinchi navbatda mintaqa uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Bu esa qo’shni davlatlardan Afg`onistonni qayta tiklash ishlarida faol ishtirok etishni talab etadi.