Breaking News

Bu yil 5 yarim million kishi chekish qurboniga aylanadi


Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti hisobotida aytilishicha, jahon aholisining 5 foizigina chekishga qarshi ehtiyot choralari ko’rilgan davlatlarda yashaydi.

Hukumatlar sigareta savdosi hisobiga har yili 200 milliard dollar soliq yig’ib oladi. Biroq shuning beshdan bir qismigina chekishning salbiy ta’siriga qarshi sarflanadi.

Tashkilot direktori Duglas Betcherning “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, tamaki iste’molini kamaytirish uchun faol chora ko’rish zarur, chunki insoniyat salomatligi xavf ostida.

“O’tgan 100 yil ichida tamaki 100 million kishini o’ldirgan. Shu zayilda ketsak, joriy asrda 1 milliard inson nobud bo’ladi. Taxminimizga ko’ra, bu yil 5 yarim million kishi chekish qurboniga aylanadi. 2030 yilda esa bu raqam 8 millionga yetadi”.

Talofatlarning 80 fozi sog’liqni saqlash tizimi zaif kambag’al davlatlarda kuzatiladi.

Agar hukumatlar sigareta iste’moli va savdosini cheklash uchun qat’iy chora ko’rsa, o’limning oldini olish mumkin, deydi doktor Betcher. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti buning uchun 6 banddan iborat reja taklif qilmoqda.

“Xizmat va jamoat joylarida chekishni taqiqlovchi qoida joriy etilishi kerak. Urugvay, Britaniya va Irlandiyadan o’rnak olish mumkin. Sigareta reklamasi va homiylari faoliyatini keskin cheklashimiz va nihoyat tamaki mahsulotlariga katta-katta soliqlar solinishi lozim”.

Sigareta chekuvchi insonlar yordamga muhtoj. Bu odatdan xalos bo’lish uchun ularni qo’llab-quvvatlash darkor deydi Betcher.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti hisobotiga ko’ra, tamaki chekuvchilarning uchdan ikki qismi asosan 10 davlatda istiqomat qiladi. Chekuvchilarning eng ko’pi, aniqrog’i 30 foizi Xitoyda, 10 foizi esa Hindistonda.

Shuningdek, Germaniya, Turkiya, Rossiya, Yaponiya, Bangladesh, Indoneziya, AQSh va Braziliyada ham tamale iste’moli yuqori darajada.

XS
SM
MD
LG