Breaking News

Matbuot erkinligi jahon bo'ylab hali ham xavf ostida


Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti o’zining yillik hisobotini chiqarib, unda ayrim davlatlar hukumatlarini so’z erkinligini himoya qila olmaslikda, qo’rqoqlik, mas’uliyatsizlik va ikkiyuzlamachilikda aybladi.

Tashkilot hisobotiga ko’ra, o’tgan yili jahon bo’ylab 1994 yildan buyon eng ko’p – 86 nafar jurnalist o’ldirilgan. Ko’plab mamlakatlarda ular himoyasiz faoliyat yuritadi, repressiv hukumatlar esa ularni ta’qib etadi.

Hisobotda 98 mamlakatda matbuot erkinligi tahlil qilingan. Hukumatlardan tashqari BMTning Inson huquqlari kengashi ham ayrim davlatlar bosimiga yon berayotganlikda ayblanib tanqid qilingan.

Hisobot ustida ishlagan guruh rahbari Jan Fransua Juliarning aytishicha, G’arb hukumatlari ba’zi hollarda o’z iqtisodiy manfaatlari sabab boshqa davlatlardagi huquq buzilishlariga ko’z yummoqda.

"Rossiya, Xitoy, Yevropa va Amerika o’rtasida kuchli iqtisodiy aloqalar mavjud. Yevropa davlatlari o’z sanoati va kompaniyalari manfaatlarini himoya qilmoqchi degan xayolga boramiz. Ba’zida G’arb kompaniyalarining o’zlari hukumatlarini inson huquqlari muammolari haqida ko’p gapirmaslikka chaqirib ularga bosim qo’yadi," deydi hisobot muallifi.

"Zimbabve va O’zbekiston kabi mamlakatlarga qo’yilgan sanksiyalar kutilgan natijalarni bermayapti," deydi Julliar.

Pokistonda esa 2007 yilda xavfsizlik kuchlari 250 muxbirni panjara ortiga tashlagan.

Mutaxassis ta’biricha, Shimoliy Koreya, Turkmaniston va Eritreya ham matbuot erkinligi buzg’unchilari qatorida.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti hisobotida hukumatlardan tashqari ekstremistik ruhdagi diniy guruhlar, qurolli jangarilar, uyushgan jinoyatchilik a’zolari va narkokuryerlar ham ularning qilmishlarini fosh etayotgan erkin matbuot dushmani sifatida keltiriladi.

XS
SM
MD
LG