Bryusselda asoslangan Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro guruh (International Crisis Group) hisobot chiqarib, unda Amerika Ovozining Qirg’izistondagi marhum muxbiri Alisher Soipov o’limi va O’zbekistondagi vaziyatni tahlil qilgan.
Hisobotda aytilishicha, Alisher Soipovning rasmiy Toshkent buyrug’iga ko’ra o’ldirilgani haqidagi taxminlarga yetarlicha dalil va ishoralar bor. Alisher Soipov 24 oktyabr kuni O’sh shahridagi idorasi yonida noma’lum ikki shaxs tomonidan otib ketilgan edi.
Soipovni O’zbekistonda Karimov tuzumining ashaddiy tanqidchisi deb atar ekan, xalqaro guruh uning o’limi prezident saylovlaridan oldin O’zbekistonda vaziyatning izdan chiqishining oldini olish uchun kerak bo’lgan deydi. Hisobotda muxolifatdagi “Erk” partiyasi saylovlardan oldin mamlakatda ommaviy namoyishlar uyushtirmoqchi bo’lgani va Alisher Soipovning bunda roli faol bo’lgani aytiladi.
Hisobotda O'zbekiston-Rossiya va O'zbekiston-G'arb munosabatlari ham tahlil qilinadi.