Breaking News

O'zbekiston arab davlatlari bilan aloqani tiklamoqda


Islom Konferensiyasi Tashkiloti va musulmon mamlakatlaridagi nohukumat tashkilotlar shu hafta oxirida Tojikistonga borib, insonparvarlik yordami masalasini muhokama qiladi.

Islom Konferensiyasi Tashkiloti Markaziy Osiyo bilan aloqani mustahkamlashga intilar ekan, O’zbekiston hukumati ham, ayniqsa, boy arab davlatlari bilan iqtisodiy munosabatlarni yo’lga qo’yish payida.

O`zbekiston prezidenti islom jamg`armalari krediti asosida umum ta`lim maktablari qurish va jihozlash loyihasi haqidagi qarorga imzo chekkan.

Mazkur loyiha uchun OPEK (Neftni Eksport qiluvchi Davlatlar Tashkiloti) xalqaro rivojlanish fondi va Saudiya taraqqiyot jamg`armasi 20 million dollar atrofida imtiyozli kredit bergan.

So`nggi yillarda Arab islom davlatlari va O`zbekiston hamkorligini rivojlantirish harakati bormoqda.

Arab muvofiqlashtirish guruhiga a`zo qator moliyaviy tashkilotlar, jumladan, Islom Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, OPEK, Quvayt va Saudiya taraqqiyot jamg`armalari O`zbekiston iqtisodiyotiga doir turli loyihalarda ishtirok etmoqchi.

2007 yilda O`zbekiston hukumati va Arab muvofiqlashtirish guruhi o`rtasida imzolangan shartomaga ko`ra, 800 million dollar atrofidagi mablag` O`zbekiston ta`lim tizimi, sog`liqni saqlash, transport va boshqa ijtimoiy yo`nalishlarda ishlatilishi kerak.

Tahlilchilar arab islom dunyosining O`zbekiston iqtisodiyotidagi ishtirokini juda sust deya baholaydi.

1990 yillarda Arab davlatlari investitsiyasi O`zbekistonga tez sur’atlar bilan kirib kela boshlagan. Biroq keyinchalik O`zbekistonda konvertatsiya bilan boshlangan muammolar tufayli va arab davlatlari bilan aloqalar sovuqlashib, iqtisodiy munosabatlar deyarli to`xtab qolgan.

“Shundan so`ng hamkorlik pastga tushib ketdi. Yana bir bor arab davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga harakat qilindi. Biroq uning ichki siyosati arablarni ham, boshqalarni ham qoniqtirmadi. Biznes sohasida aloqalar bo`lmadi, chunki arab biznesmenlari bu yoqqa kelgan paytdagi muammolar hozir ham hal bo`lgani yo`q. Ko`p arab tijoratchilarining pullari konvertatsiya qilinmasdan Milliy bankda qolib ketgan”, - deydi bu borada sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

So`nggi yillarda Arab dunyosi bilan aloqani qayta tiklash harakati boshlangan. Ayniqsa, xalqaro islom tashkiloti 2007 yilda Toshkentni islom madaniyati poytaxti sifatida e`lon qilgandan so`ng.

O`zbekiston prezidenti arab dunyosi bilan aloqalarni tiklash muhimligini ta`kidlaydi.

“Qohiradagi safarimizda bizni do`stimiz Amir Muso kutib oldi. Shunda devordagi xaritaga e`tiborim tushdi. Asosan, arab davlatlari yashayotgan katta xarita. Bu xaritani butun yer osti boyliklari joylashgan xarita deb bildim va shunga iqror bo`ldim. Bugun musulmon dunyosi jamg`armalarini, boyliklarini, valyuta yig`imlarini inobatga oladigan bo`lsak, shularning bir qismi kambag`allarga, qashshoqlarga ishlatilsa agar, olam guliston”, - degan fikrlarni bildirgan edi Toshkentda o`tgan xalqaro islom konfrensiyasi qatnashchilarini qabul qilgan prezident.

XS
SM
MD
LG