Breaking News

AQShda o'zbekistonliklar qayerda va kim bo'lib ishlamoqda?


Yoshlarning xorijga o’qishga borishi ijobiy hol, albatta.

Ular bilim oladi, malakasini oshiradi, dunyoqarashi kengayadi, til o’rganadi – maqsad ham shu.

O’zbekistonda bu an’ana uzoq tarixga ega.

Xonliklar davrida, XX asr avvalida chet elga o’qishga yuborilgan birinchi avlod - Fitrat, Avloniy, Behbudiylar millat fahri bo’lgan.

Ular Turkiya, Misr va boshqa arab davlatlarida bilim oldi. U yerda olgan bilimini esa vatanida qo’llagan.

Bugun chet elga o’qishga ketgan kadrlar qaytishga shoshilmayapti. Ba’zilari o’z kasbini tashlab, boshqa sohalarga o’tib ketmoqda.

Deylik, vatanida olim, san’atkor va muhandis bo’lgan odamlar Amerikada oddiy ishchi, ko’p hollarda mehmonxona xodimi yoki oshpaz bo’lib ishlamoqda.

O’zbekistondan chiqib ketayotgan mutaxassislarning ko’pi xorijda kasbini tashlashga majbur bo’lmoqda.

O’zbekistonlik mana bu suhbatdoshimiz O’zbekistonda universitetni jurnalistika bo’yicha bitirgan. Hozir AQShning Florida shtatida mehmonxonada ishlaydi.

“Balki xato o’ylayotgandirman. Biroq, menimcha, AQShga kelganlarning 80 foizi o’z mutaxassisligi bo’yicha ishlamaydi. Albatta, o’z kasbingiz bo’yicha ish topishga harakat qilasiz. Lekin iloji bo’lmagandan keyin, o’zingiz bilmagan holda, deylik, mehmonxona, xizmat ko’rsatish kabi yo’nalishga o’tib ketasiz. O’zingizga shu narsa yoqadimi, yoqmi – bu ham muhim”.

Amerika Ovozi: “O’z kasbingiz, ya’ni jurnalistika bo’yicha ish qidirishga harakat qilganmisiz”?

“To’g’risini aytsam, yo’q. Chunki men yashayotgan joyda bu kasbga talab yo’q edi”.

Vatandan uzoqda yashash oson emas. Oiladan uzoqdasiz, begona yurtda hayot tarzi o’zgacha, odamlar boshqacha va til kabi omillar bunda hal qiluvchi rol o’ynaydi. Raqobat ham kuchli. Bunday bosimga har kim ham chiday olmaydi.

Biroq Qo’shma Shtatlarda ishlayotgan rossiyalik jarroh Boris Vinogradskiy fikricha, hammasi odamning tirishqoqligiga bog’liq.

“Amerikaga kelib, vrachlik imtihonini topshira olmagan birorta mutaxassisni bilmayman. Topshira olmadimi, demak, yaxshi harakat qilmagan, astoydil mehnat qilmagan”.

Nargiza ismli yana bir suhbatdoshimiz esa avval O’zbekistonda ancha tanilgan jarroh bo’lgan. Hozir oilasi bilan Amerikada.

“Ayni paytda Indiana shtatidagi ilmiy-tadqiqot institutida ishlayapman. Ilmiy izlanishlar bilan bandman”, - deydi u.

Nargiza uzoq vaqt davomida bemorlar bilan ishlamagan. Yaqinda Qo’shma Shtatlarda vrachlik imtihonlarini (Medical College Admission Test ) muvaffaqiyatli topshirib, terapevt bo’lib ishlash huquqini qo’lga kiritgan.

Lekin, deydi u, Amerikada yosh vrachlar juda ko’p. Ular bilan tenglashish qiyin. Kasalxonalar odatda mahalliy mutaxassislarni yollashni ma’qul ko’radi. Nargiza hozircha ish topgani yo’q.

Mamlakatdan ketgan mutaxassisni vataniga qaytarsa bo’ladi. Lekin sohani tashlagan kadr vaqt o’tib ko’nikma va bilimini yo’qotadi. Uning kasbiy mahoratini saqlab qolishda AQShdagi vatandoshlari, kasbdoshlari yordam berishi mumkin.

Chet elda hindistonliklar, masalan, o’zaro juda inoq, bir-birini hamisha qo’llab-quvvatlaydi. Ular Amerikada pul ishlab, bu yerdagi yirik firmalarga egalik qilsa-da, sarmoyani asosan vataniga kiritadi.

Floridada mehmonxonada ishlayotgan suhbatdoshimiz o’zbekistonliklarga xos umumiy xususiyatni shunday tasvirlaydi:

“O’zbek xalqi, yoshmi, qarimi – baribir Toshkentga, O’zbekistonga qaytishga harakat qiladi. Ko’p odamlarni uchratdim – ba’zilari institutga kirib, tashlab ketgan. Ba’zilari maktabni bitirgan. Yoshi katta odamlarni ham ko’rdim. 90 foizida uyga qaytish niyati bor”.

Niyat o’z yo’liga. Biroq raqamlarga qarab real vaziyatni ko’rasiz. Jahon Banki hisob-kitobiga ko’ra, 2005 yilda 2 million kishi O’zbekistondan xorijga chiqib ketgan. Asosan, qo’shni davlatlar, Rossiya, Ukraina, Isroil, Latviya, AQSh va Germaniyaga.

XS
SM
MD
LG