G’arb O'zbekistonda dekabr oyida o'tgan prezident saylovlarini tanqid ostiga olib, inson huquqlari ahvoli yuzasidan tashvish bildirib keladi.
Shunga qaramay Yevropa ham, Qo’shma Shtatlar ham O’zbekiston bilan munosabatlarni tiklashga urinmoqda. Ayrimlar buni tanqid qilsa, boshqalar fikricha muammolarni muloqotsiz hal qilib bo’lmaydi.
O’zbekistonda islohotlarni jadallashtirish uchun nima qilish kerak degan savolga ba’zi mutaxassislar sanksiyalarni kuchaytirib, hukumatdan islohotlarni talab qilish kerak desa, boshqalar fikricha, sanksiyalar ish bermadi, navbat muloqotga demoqda.
Bryusselda asoslangan Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhining (International Crisis Group) Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Pol Kvin Jajning ((Paul Quinn-Judge) aytishicha, Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ish bermadi deyish xato bo’ladi, chunki ularning davomiyligi va ko’lami yetarlicha bo’lmagan.
G’arb O’zbekistonga nisbatan siyosatini o’zgartirayotgani tashvishga molik, deydi mutaxassis.
“Siyosatni o’zgartirishdan avval vaziyatni tahlil qilish kerak. Yangi siyosat nimalarga olib keladi? Undan qanday natija kutilmoqda? Karimov murosaga tayyormi? Men bunga shubha bilan qarayman. Karimov o’zini shu paytgacha haq bo’lgan deb o’ylaydi. G’arb past ketdi deb o’ylaydi. Bu hech qanday o’zgarishlarga olib kelmasdan, uning pozitsiyasini yanada kuchaytiradi”, - deydi Jaj.
Vashingtondagi yangi nodavlat tashkilot, Yangi demokratik jamiyatlarni o’rganish instituti (Institute for New Democracies) rahbari Margarita Assenova O’zbekiston bilan muloqot qilish tarafdori. Sanksiyalardan foyda yo’q, deydi u.
“G’arb O’zbekistondan jadal o’zgarishlarni kutgan. Biroq buning iloji yo’q. Sharqiy Yevropa mamlakatlarini olaylik. Ularda islohotlarni tezlashtirish uchun NATO va Yevropa Ittifoqiga kirish kabi rag’batlantiruvchi omillar bo’lgan. Markaziy Osiyo davlatlari esa demokratiya foydasini tushunib yetmagan. Axir mintaqada hech qachon ochiq jamiyat bo’lmagan. Sharqiy Yevropada esa bo’lgan. Bundan tashqari Markaziy Osiyo rahbarlari jamiyatini demokratlashtirsa, hokimiyatdan ayriladi, deb o’ylaydi. Bu xato tushuncha. Sharqiy Yevropada sobiq kommunistlar islohotlarni amalga oshirib hokimiyatga qaytmoqda.”
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Freedom House” xalqaro tashkiloti avval O’zbekistonda ish olib borgan, ammo ikki yil burun idorasi hukumat talabiga ko’ra yopilgan. Tashkilot yaqinda jahon bo’ylab erkinlik darajasini tahlil qilib yillik hisobot chop etdi. Unda har bir mamlakatdagi siyosiy vaziyatga baho berilib, davlatlar “erkin”, “qisman erkin”, “erkin emas” kabi uch toifaga bo’lingan. O’zbekiston 43 davlat qatorida so’nggi toifaga qo’shilgan.
Ayrim hukumatlar nazarida demokratiya ularning jamiyatiga, dunyoqarashi va madaniyatiga mos kelmaydi. “Freedom House”ning Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassisi Jeff Goldstayn (Jeff Goldstein) fikricha, bunday deyish noo’rin.
“Demokratiya tamoyillari ko’plab muhim xalqaro hujjatlarda aks etadi. Markaziy Osiyo davlatlari bu hujjatlarni imzolashi shart emas edi, biroq ular buni qilgan. Demokratiyaning shakli har bir davlatda turlicha bo’lsa-da, tamoyillari hamma joyda bir xil. Xalqning davlat boshqaruvida ishtirok etishi, siyosiy erkinlik, hokimiyatning muayyan bir guruhga tobe bo’lmasligi shular jumlasidan. Lekin O’zbekistonga ko’proq prezidentlik qulaymi yoki parlament tizimimi, ya’ni demokratiya shakli qanday bo’lishini o’zbekistonliklarning o’zi hal qilishi kerak.”
“Vashington Post” gazetasi ilovasi sifatida chiqadigan “Parad” jurnali har yili jahonning eng yomon 10 diktatorini e’lon qiladi. So’nggi bir necha yildan buyon O’zbekiston prezidenti Islom Karimov ham bu o’ntalikka kirib keladi. Jurnal yaqinda yangi o’nlikni e’lon qildi. Karimov bu yili 9-o’rinni egalladi.
Aksariyat tahlilchilar nazarida O’zbekistonda demokratik islohotlar taqdiri bir kishining qo’lida va toki Karimov hokimiyat tepasida ekan, islohotlar amalga oshmaydi.