Breaking News

G'arb Eron uran boyitishni to'xtatsin deb qat'iy talab qo'ymoqda


Eron Oliy rahbari Oyatulla Ali Xomenei prezident Mahmud Ahmadinejodni mamlakat yadro dasturini rivojlantirishda qo’shgan hissasi uchun maqtab chiqqan. Yadro dasturi orqali Eron taraqqiy etayotganini isbotlayapti deydi Xomenei.

Vashingtonda yig’ilgan xorijiy diplomatlarning aytishicha esa Eron oldida ikki yo’l turibdi – yangi sanksiyalar bilan yuzlashish yoki xalqaro hamjamiyat fikrlariga quloq tutish.

BMT qoshidagi Xalqaro Atom boshqarmasiga ko’ra rasmiy Tehron yadro dasturi haqidagi savollarga to’liq javob bermayapti.

BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari va Germaniya bayonot bilan chiqqan. “Eron uran boyitishni to’xtatsa, siyosiy muzokaralar davom etadi. Ko’nmasa, sanksiyalar joriy etiladi”, deyiladi bayonotda.

Sanksiya loyihasi Xavfsizlik Kengashiga taqdim etilgan va juma kuni ovozga qo’yilishi mumkin. Biroq Rossiya va Xitoyning qarshiligi sabab sanksiyalar AQSh xohlaganchalik kuchli bo’lmaydi. Asosan Eron Markaziy Banki nishonga olinmoqda.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Tom Keysining aytishicha maqsad Eron atom dasturini moliyalayotgan yoki unga aloqador har bir idorani jazolash.

Eronni yakkalash maqsadida Qo’shma Shtatlar xalqaro moliyaviy tashkilotlarni bu mamlakat bilan ishlamaslikka chaqirib keladi. Ayni paytda Eron tijorat banklari sanksiyalarni chetlab o’tish yo’llarini qidiryapti.

Shu hafta AQSh Tijorat vaziri muovini Styuart Levi Fors ko’rfazi davlatlarining moliyaviy markazlari hisoblangan Qatar, Baxrayn va Birlashgan Arab Amirliklariga yo’l olmoqda.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod “BMT sanksiyalariga qo’shilgan har qanday davlatga qarshi chora ko’ramiz” deb ogohlantirgan.

XS
SM
MD
LG