Breaking News

Sud mustaqil emas ekan, adliya islohotidan foyda yo'q


O'zbekiston hukumatiga ko’ra mamlakat adliya tizimi isloh qilinmoqda. Xususan, bu yildan boshlab o`lim jazosi bekor qilindi. Fuqaroni qamoqqa olishni buyurish endi faqat sudlarga tegishli vakolat.

Ammo, tahlilchilar nazarida, sud mustaqil emas ekan, bugun amalga oshirilayotgan islohotlardan foyda bo’lmaydi.

Toshkentda xalqaro ekspertlar yig’ilib, sud tizimini mustahkamlash masalasini muhokama qilar ekan, unda Oliy Majlis, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa rasmiy idoralardan vakillar qatnashmoqda.

Anjumanda AQSh va Yevropadan ham yuzga yaqin mutaxassis ishtirok etayotgani ta’kidlanadi.

Biroz avval AQShning O`zbekistondagi elchisi Richard Norland Ichki ishlar vazirligi rasmiylari bilan uchrashgan va islohotlarni olqishlagan.

Lekin sharhlovchilar fikricha qonunchilikda kuzatilayotgan islohotlar faqat qog`ozda qolmoqda.

O`zbekistondan tazyiq ostida chiqib ketgan Zokirjon Isayev, Toshkent shahar jinoiy ishlar sudining sobiq sudyasi, islohotlar haqida shunday deydi:

“O`lim jazosi bekor qilindi. Jinoyat kodeksi liberallashtirilayapti. Qamoqqa olish sanksiyalari sudlarga o`tkazilayapti. Bular katta o`zgarish. Buning uchun qancha- qancha mablag` va qarorlar kerak. Lekin bularni ijro etadigan odamlar o`zi chirib bo`lgan bo`lsa, nimani talab qilish mumkin? Mening fikrim shuki sud vakolat doirasida ishlasa, demak u mustaqil, lekin yuqoridan kelgan ko`rsatmalar ostida ishlasa, sud mustaqil emas ”.

Huquq himoyachilari shikoyat qilishicha, o`lim jazosi bekor qilingach endi sudlar zarur isbot-dalilsiz ham umrbod va uzoq yillik jazo turlari belgilashga tushgan.

Inson huquqlari faoli Surat Ikromovning aytishicha umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar uchun “borsa-kelmas” deya ta’riflanuvchi “Jasliq” qamoqxonasida yangi uch qavvatli inshoot qurilgan.

“71- qamoqxonaning yonida bunyod etilgan. Lekin hozircha nomeri aniq emas. O`lim jazosiga hukm qilinganlarni orasida dalil-isbotini topmagan hollar ko`p. Keyinchalik haqiqiy jinoyat topilib, ularning ishini qayta ko`rib chiqish imkoniyati bo`ladi. Lekin umuman olib qaraganda umrbod qamoq jazosi og`ir sharoitlarda o’talishi mumkin”, - deya xavotir bildiradi Ikromov.

Surat Ikromov fikricha O`zbekistonda sudlar hamisha hukumat bosimi ostida.

“Mustaqillikning o`zi yo’q sudyalarda. Ularga yuqori mansabdagilar bosim o`tkazishadi. Qo`lga olish, jinoyat ishlarini ochish uyushtirilgan holda olib boriladi. Qiynoqlar orqali protokollarga imzo chektiriladi”.

XS
SM
MD
LG