Prezident Bushning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Polsha armiyasini zamonaviylashtirishda yordam beradi. Bush bu haqda Oq uyda Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bilan uchrashuvdan so’ng aytgan.
Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar Polshada raketaga qarshi mudofaa tizimining bir qismini o’rnatmoqchi.
Bushning ma’lum qilishicha, ana shu reja doirasida Polsha armiyasini kuchaytirish ham ko’zda tutilgan.
Buning uchun, deydi Bush, avvalambor Polshaning harbiy ehtiyojlari o’rganib chiqiladi.
Raketaga qarshi mudofaa tizimi doirasida Polshaga raketalarni urib tushiruvchi o’nta moslama o’rnatiladi. AQSh bu bilan Yevropani Eron kabi davlatlardan himoya qilmoqchi.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk ikki davlat o’rtasida ishonch rishtalari kuchli deydi.
Mudofaa tizimini Polshada o’rnatish evaziga armiyani zamonaviylashtirish talabini rasmiy Varshava olg’a surgan va Tusk Qo’shma Shtatlar bu talabni qondirganidan mamnun ekanini bildirdi. Polsha AQShdan qisqa va o’rta masofali raketalarga qarshi mudofaa tizimini ham o’rnatishni so’ragan.
Ma’lumki, Rossiya AQShning ushbu rejasini o’ziga tahdid deb bilib unga qarshi chiqmoqda. Polsha fikricha, agar Rossiya o’z yadro arsenalini avval ogohlantirganidek unga qaratib qo’ysa, ushbu mudofaa tizimi as qotadi.