Breaking News

O'zbekiston - Internet dushmani


Matbuot erkinligi bilan shug’ullanuvchi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti 15 mamlakatda Internet senzurasiga qarshi norozilik aksiyasini o’tkazmoqda. Parijda asoslangan tashkilotga ko’ra, Internetdagi siyosiy faoliyati sabab kamida 62 kishi qamoqqa tashlangan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining www.rsf.org veb-sahifasida Internetda senzura qo’llayotgan davlatlar siyosatiga qarshi virtual norozilik namoyishi o’tkazilmoqda.

Tashkilot vakili Klotil le Kozning aytishicha, tashkilot saytiga kirgan har bir kishi ushbu namoyishga qo’shilishi, bironta shior o’ylab topib, o’z hukumatiga murojaat qilishi mumkin.

Saytda shuningdek Internet senzurani chetlab o’tish usullari haqida ham ma’lumot berilgan. So’nggi yillarda Internet axborot tarqatishning eng oson va samarali usuliga aylangan. Biroq ayrim davlatlarda muxolif qarashlardan iborat axborotni tarqatayotgan kishilar ta’qib etilmoqda, ba’zi hollarda esa qamoqqa tashlanmoqda.

“Chegara bilmas muxbirlar” bunday mamlakatlarni har yili “Internet dushmanlari” deb nomlangan maxsus ro’yxatga kiritadi. Ular orasida O’zbekiston ham bor.

Tashkilot ma’lumotiga ko’ra, O’zbekistonda ikkita davlat va 447 ta xususiy Internet provayder kompaniyasi bor. Aholining deyarli 1,7 millioni Internetdan foydalanadi. Biroq Internet O’zbekistonda markazlashtirilgan va axborot qattiq nazorat qilinadi, ayrim sahifalarga kirish yo’llari esa yopilgan.

Internetdagi siyosiy yoki muxolif faoliyati uchun O’zbekistonda hozircha hech kim qamoqqa tashlanmagan. Prezident saylovlaridan so’ng Internet nazorati yanada kuchaytirilgan.

XS
SM
MD
LG