Breaking News

Markaziy Osiyo tabiiy gazni qimmatroqqa pullaydi


2009 yildan boshlab Markaziy Osiyo gazi Yevropa bahosida sotiladi. Moskvada uchrashgan Turkmaniston, Qozog`iston va O`zbekiston rasmiylari shunday qarorga kelgan. Bu qaror tabiiy manbalar uchun ketayotgan geosiyosiy kurashda burilish yasashi mumkin.

Mintaqa gazining asosiy xaridori Rossiya hisoblanadi. Rossiya yiliga taxminan 60 milliard kubomert gaz xarid qilib, milliardlab dollar daromad ko’radi. Bu gazning asosiy qismi Ukrainaga va G`arbga eksport qilinadi.

Rossiya gazning 1000 kubometrini 50 dollardan sotib olib, Yevropaga 200 dollardan oshiq bahoda sotayotgan edi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, narx-navoning o’zgarishi yangi energetik strategiyadan nishona. Shu paytgacha Rossiya gaz bahosi bo`yicha mintaqa davlatlarining har biri bilan alohida muzokara yuritib kelgan.

Mintaqa davlatlari birinchi marta Rossiya energetik siyosatiga nisbatan yakdil pozitsiyaga ega. Ayrim sharhlovchilar mintaqada kichik OPEK (Neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) shakllanyotgani haqida gapirmoqda.

Sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikriga ko`ra, Markaziy Osiyo gazining arzon narxda sotib olinishi mintaqa iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilayotgan edi.

“Agar tomonlar yangi narx bo`yicha kelishsa, bu G`arb va AQShning mintaqa gazini Rossiyani chetlab o'tgan holda Yevropaga chiqarish harakatlariga pand beradi. NABUKKO loyihasiga ham chek qo`yishi mumkin”, - deydi Soyibnazarov.

NABUKKO quvuri Turkiya va Avstriyani bir-biriga bog’laydi. Eron, Ozarbayjon, Qozog’iston, Turkmanistan, Misr va Suriya gazi mana shu quvur orqali Yevropaga yetkazilishi mumkin.

Mintaqa gazi bo`yicha mazkur bayonot Rossiya va Ukraina o`rtasida gaz bahosi masalasida tortishuvlar avjiga chiqqan bir paytda bildirilmoqda.

Soyibnazarov fikricha gaz qimmatlashsa, Rossiya Ukrainaga bosimni oshiradi.

Ukraina esa Yevropaga eksport qilinayotgan Rossiya gazi uchun tranzit narxlarini ko`tarishi mumkin.

Ukraina gaz masalasida mintaqa davlatlari bilan bevosita muzokarani jonlantirishi ham ehtimoldan holi emas.

Sharhlovchi Komron Aliyev so’zlariga ko`ra, Rossiya mintaqa gaz zaxiralaridan nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy maqsadlarda ham foydalanib keladi. Bu vositadan osonlikcha voz kechmaydi.

"Rossiya tish-tirnog`i bilan qarshi. Maxsus xizmatlarni ham ishga solishi mumkin”, - deydi Aliyev.

Mintaqa gazi hozirgacha sobiq ittifoq davrida qurilgan Markaz-Markaziy Osiyo nomi bilan mashhur quvurlar orqali Rossiyaga sotiladi.

Rossiyani chetlab Yevropa bozoriga chiqadigan loyihalar taklif qilinadi, ammo hozircha hech biri tasdiqlangani yo’q.

Keyingi paytda Kaspiy-Janubiy Kavkaz orqali Yevropaga chiqishi mumkin bo`lgan NABUKKO loyihasi muhokama qilinmoqda.

“Afg`oniston, Eron, Turkiyaga chiquvchi yo’llarni qidirish orqali mustaqilikka erishish mumkin”, - deydi Komron Aliyev.

Ayni paytda Janubiy Kavkaz yo`nalishi muhokamada. Yaqin kunlarda O`zbekiston prezidentining Ozarbayjonga rasmiy safari kutilayapti.

Tashrif davomida O`zbekistonning bu boradagi imkoniyatlari muhokama qilinishi mumkin.

XS
SM
MD
LG