Dmitriy Medvedev Vladimir Putindan 2000 yildagidan o’zgacha Rossiyani qabul qilib olmoqda.
Putin hokimiyatni Boris Yeltsindan olganida Rossiya iqtisodiy jihatdan ayanchli ahvolda, siyosiy mavhumliklarga yuz tutgan, xalqaro sahnada so’zi o’tmaydigan zaif davlat edi.
Kanzas shtati universitetining Rossiya bo’yicha mutaxassisi Deyl Xerspringning aytishicha, Putin hokimiyat tepasiga kelganida o’z oldiga ikki maqsadni qo’ygan edi.
“U Rossiyani muhim, ko’zga ko’ringan davlatga aylantirmoqchi edi. Bunga erishish uchun Moskvaning regionlar ustidan nazoratini markazlashtirish niyatida edi.”
Tahlilchilar nazarida sakkiz yil o’tgach Putin ikkala maqsadiga erishdi.
Kolumbiya universiteti professori Robert Legvold buni Putindan qolayotgan ijobiy meros deb ta’riflaydi.
“Rossiya jahon xaritasida yana o’z o’rnini topdi. AQSh va yevropalik siyosatchilar ta’biri bilan aytganda, “Rossiya qaytib keldi”. Rossiyaliklar bundan faxrlanadi. Axir Sovet Ittifoqi qulagach, Rossiya hududini, kuchini, qudratli davlat maqomini qo’ldan boy bergan edi.”
Rossiya tashqi siyosatidagi dadillik asosan neftdan tushayotgan daromadga bog’liq. Putin mamlakatning boy neft va gaz resurslaridan siyosiy maqsadda foydalanishdan tap tortmadi.
“Gazni o’chirish do’q-po’pisasi bilan boshqa mamlakatlarni o’z manfaatlari yo’lida siyosat yuritishga majbur qilish mumkin, albatta. Biroq shuni esdan chiqarmaslik kerakki, Rossiya iqtisodiyoti neft va gaz xaridorlari hisobiga gullamoqda. Tabiiy resurslardan siyosiy maqsadlarda foydalanish ularni muqobil yonilg’i manbalarini izlashga majbur qiladi,” - deydi Stenford universiteti xodimi Maykl Makfol.
Tahlilchi Deyl Xerspring so’zlariga ko’ra Rossiya yonilg’i savdosidan tushayotgan daromad hisobiga nafaqat iqtisodiyotni, balki armiyani ham kuchaytirmoqda.
“Eski qurol-aslaha yangilanmoqda. Rossiya armiyasiga katta sarmoya qilinyapti. Bu jarayon 2015 yilgacha davom etadi. Rossiya nazarida mamlakat 2020 yilga borib yana harbiy kuchga aylanadi.”
Dmitriy Medvedev Putinni bosh vazirlikka tayinlashga so’z bergan. Demak Putin prezidentligi davrida shakllangan siyosat davom etadi.