Breaking News

Dmitriy Medvedev: Rossiya qonun ustuvorligiga erishyapti 


Rossiyadagi prezident saylovlarida g’alaba qozongan Dmitriy Medvedev lavozimga rasman kirmagan bo’lsa-da, mamlakat iqtisodiyoti, tashqi siyosati va fuqarolik jamiyati borasida xorij matbuotiga o’z qarashlarini bildirmoqda.

Dmitriy Medvedev ta’biricha, Rossiya hukumati oldida turgan asosiy vazifa – iqtisodiy yutuqlardan foydalanib uy-joy ta’minoti, sog’liqni saqlash va ta’lim kabi ijtimoiy sohalarni yaxshilash.

"Rossiya jahon bozoridagi beqarorlik ta’siriga tushmasligi uchun yetarlicha oltin va valyuta zaxiralariga ega, biroq shunga qaramay muammolar mavjud," deydi Medvedev Britaniyaning "Faynenshl Tayms" (Financial Times) gazetasiga bergan intervyusida.

"Rossiyaning jahon iqtisodiyotida faolroq ish yuritishi natijasida o’tgan yili ko’tarilgan inflyatsiyani tushirish kerak."

Gruziya va Ukrainaning NATOga qo’shilish ehtimoli haqida gapirar ekan, Kremlning navbatdagi rahbari buni Yevropa xavfsizligi uchun tashvishlanarli hol deb, masala har bir mamlakatda xalq referendumi yo’li bilan hal etilishi lozim dedi.

AQShning Markaziy Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasi, deydi Medvedev, Yevropadagi kuchlarning nozik muvozanatiga ta’sir qiladi.

Rossiya jamiyatiga to’xtalar ekan, Medvedev rossiyaliklar qonunni buzishga odatlangan deydi. Militsiya xodimlariga pora berish va qalbakilashtirilgan intellektual mulkdan foydalanish, davlat xizmatchilarining sud ishiga noqonuniy tarzda aralashishi ayniqsa keng tarqalgan.

Vladimir Putinning prezidentlikdan ketishini Medvedev mamlakat uchun ilk hol deb, Rossiya asta-sekin qonun ustuvorligiga erishyapti dedi.

XS
SM
MD
LG