Breaking News

Tojikistonda afg'on qochqinlari fuqarolik olishi mumkin


Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) qochqinlar masalasi bo’yicha vakili Antonio Guterres yaqinda Tojikistonga safar qilgan. Tojikistonda panoh topgan afg’onistonlik qochqinlar ahvoli bilan tanishgan.

BMT hisob-kitobiga ko’ra hozir mamlakatda mingga yaqin afg’on yashaydi. Antonio Guterres va Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy imzolagan bitimga ko’ra, mamlakatda 20 yildan ortiq yashayotgan afg’onlar fuqarolikni olishi mumkin.

Tojikiston prezidenti qoshidagi strategik tadqiqotlar markazi xodimi Sayfullo Safarovning aytishicha, Afg’oniston Markaziy Osiyoning ajralmas bir bo’lagi va o’lkadagi barcha o’zgarishlarga faol jalb etilishi lozim. Afg’onistonni ajratib qo’yish mintaqada xatarni kuchaytiradi.

Prezident Imomali Rahmon Afg’onistonni Tojikistonni yo’l qamalidan ozod qiluvchi, Hind okeaniga olib chiquvchi qo’shni sifatida ko’radi. Tojikistonda yashayotgan afg’on qochqinlaridan biri, jurnalist Muhammad Sharif Afzalsho muhojirlikda yashayotgan 4,5 millon afg’on taqdiriga kuyunadi.

“Mamlakat aholisining qariyb 15 foizi qochqin. 2,5 million afg’on vatanida o’z joylaridan bejo ekani Afg’onistonda hali barqarorlik o’rnatilmaganidan dalolat beradi. Qochqinlarning ko’pchiligi vatanga qaytishni istamaydi”, - deydi Muhammad Sharif.

Muhandis Ismatullo Eshmurod Tojikistondagi yuzlab vatandoshlari kabi G’arb davlatlariga ko’chishni orzu qilib, xalqaro tashkilotlardan yordam so’raydi. Uning aytishicha Tojikistondagi afg’onlarning ko’pi Rossiyada ta’lim olgani sabab G’arbga chiqarilmagan.

“2004 yilda bu yerga kelgan Kanada namoyondalari oddiy afg’on qochqinlarini qabul qilishdi, lekin kasbi-kori bo’lgan savodli injener, doktor singari mutaxassislarni Rossiyada o’qiganligi uchun qabul qilishmadi. Bizlar BMT va xalqaro tashkilotlardan, Amerikadan bu yerdan durustroq joyga ko’chirilishimizga yordam qilishlarini so’raymiz,”- deydi Eshmurod.

Muhammad Sharif fikricha Afg’onistonda yagona kuchli hokimiyat o’rnatilmas ekan, terrorchi guruhlar faoliyatini davom ettiraveradi.

“Shu bois G’arb davlatlari va Amerika mintaqada terrorizm va narkomafiyaga qarshi kurashni o’z vazifasi deb biladi. Afg’onistondagi vaziyat nafaqat Markaziy Osiyoga, balki G’arb davlatlariga ham ta’sir o’tkazishi mumkin”.

Maymanalik afg’on qochqini Ismatullo Eshmurod Afg’onistonda hamon toliblar hukmron ekan ortga qaytmasligini ochiq bayon etadi.

“Afg’onistonda haliyam o’sha ahvol. Bizlarni qochib kelishimizga sabab bo’lgan toliblar soqollarini kalta qildilar xolos. Shu tashvishda biz borolmaymiz, ketmaymiz ham”.

XS
SM
MD
LG