Breaking News

Bush, Putin so'nggi uchrashuvda mudofaa borasida kelisha olmadi


AQSh va Rossiya prezidentlari Sochida so’nggi bor uchrashib, ikki mamlakat aloqalarini belgilovchi hujjat imzolagan.

Lekin AQShning Yevropada mudofaa vositalarini o’rnatish rejasi bo’yicha fikrlar o’zgargani yo’q. Uchrashuvda Jorj Bush va Vladimir Putin ko’proq umumiy manfaatlarga urg’u bergan.

Tafovutlarga qaramay, deydi Vladimir Putin, Vashington va Moskva bir qancha sohalarda hamkorlik qilishga tayyor. Putin AQSh prezidenti bilan munosabatlarini do’stona va samimiy deb ta’riflaydi. Jorj Bush esa Putin bilan so’nggi yetti yil mobaynida “Sovuq Urush sarqitlaridan xalos bo’lishga urindik”, deydi.

AQShning Polsha va Chexiyada raketa va radar tizimini o’rnatish qarori Vashington-Moskva o’rtasida ziddiyatli masala. Hech bir tomon yon bermoqchi emas.

Bush va Putin imzolagan hujjatda ular erishgan yutuqlar va munosabatlar istiqboli haqida gap ketadi. Shu bilan birga, mudofaa tizimi bo’yicha muzokarani davom ettirishga kelishib olingan.

Tizim, deydi Rossiya, qurol poygasiga turtki berishi mumkin. Vashington esa Yevropadagi ittifoqchilarni Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlardan himoya qilish kerak demoqda.

Vladimir Putin “AQSh Rossiya xavotirlarini tushunadi” deydi. Raketalar Rossiyaga qaratilmagan deb ishontirishga urinayotgan AQSh rasmiylari bir necha takliflar bilan chiqqan. Lekin gap aynan ishonch yo’qligida, deydi siyosatdonlar.

Bush va Putin “o’rtadagi ziddiyatli masalalar bo’lajak prezidentlarga meros bo’lib qolmoqda” degan da’volarni rad etgan. Ma’lumki, Dmitriy Medvedev 7 maydan Rossiya prezidenti lavozimini egallaydi. AQShda ham noyabr oyida prezident saylovlari.

Vladimir Putinning bosh vazir etib tayinlanishi kutilmoqda. Tashqi aloqalarni Medvedev boshqaradi, deydi Putin.

XS
SM
MD
LG