Sochi 2014 yilgi Qishki Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
Shahar bugun katta qurilish maydoni. Lekin, obodonchilik ishlari ayrim odamlarni uy- joyidan ayirmoqda.
Olimpiya shaharchasi barpo etish uchun yuzlab aholining mulki ular roziligisiz buzib tashlanmoqda.
Sochiga 13 yil avval ko’chib kelgan Oleg Sherbatskiyning uyi 2014 yilda chang’i musobaqalari o’tadigan hududga yaqin. Qishki Olimpiya o’yinlari "sharofati" bilan Sherbatskiy va uning qo’shnilari ko’chada qolishi mumkin.
“Olimpiya musobaqalari uchun plyaj qurishmoqchi emish. Axir bu qishki o’yinlar-ku, plyajga nima hojat? Musobaqa bahonasida bizning yerlarimizni tortib olishyapti”,- deydi Sochi fuqarosi.
Ayrim me’morlar turar-joylarga ziyon yetmaydigan muqobil loyiha taklif qilgan. Biroq rasmiylar bu haqda jamoatchilikka og’iz ochmayapti.
Sochi meri Viktor Kolodyajniy “Amerika Ovozi”ga intervyu berishdan bosh tortdi, ammo uyidan ayrilganlar muvofiq kompensasiya oladi deya bildirgan.
“Hokim odamlarga yordam beraman desa ham, hech kim unga ishonmaydi”,- deydi Sochi Mulkdorlar Uyushmasi raisi Valeriy Suchkov.
Mulkdorlar huquqi himoyachisi fikricha maxsus kommissiya tuzilib, Olimpiya oldidan davlat, jamiyat va xususiy manfaatlar nimadan iborat ekani ko’rib chiqilishi kerak. “Biroq hamma buyruqbozlik va byurokratiya bilan band. Imzo chekilsa bas, shaxsga hurmat yo’q”,- deydi Valeriy Suchkov.
Hukumat xalq fikrini o’rganayotgani yo’q. Amaldorlar katta qurilish kompaniyalari bilan o’zi bilganidek shartnoma tuzmoqda.
Mulk egalaridan esa hech qanday murosa yoki kelishuvsiz ularni tark etish talab qilinmoqda. Odamlar sudlarga murojaat qilgan, lekin ko’pchilikning arizasi rad etilgan.
Hozirda uy egalari Fransiyaning Strasburg shahrida joylashgan Inson Huquqlari Sudiga shikoyat qilgan.
Jeyms Bruk AQShda asoslangan va hozirda Sochida ko’chmas mulk shartnomalari bilan shug’ullanuvchi kompaniya vakili. “Aholiga nisbatan adolatsizlik bu, biroq rasmiylar buni boshqacha izohlaydi”,- deydi u.
“Rossiya hukumati nazarida shahar qanchalik obodonlashtirilsa, aholi shuncha ko’p daromad olad, ish joylari va so’lim go’shalar ko’payadi. Maqsad Sochini dunyoning eng xushmanzara dam olish maskaniga aylantirish”,- deydi Jeyms Bruk.
Kreml Sochini Olimpiya o’rinlariga hozirlash uchun byudjetdan 12 milliard dollar ajratgan. Qishki o’yinlar uchun tarixda bunday katta mablag’ rejalanmagan. Tayyorgarlik ishlariga jalb etilgan g’arblik mutaxassislar fikricha pulning yirik qismi amaldorlar cho’ntagiga yo’l omoqda.
Base Element xorijiy kompaniya avvaliga “Amerika Ovozi”ga bu borada ma’lumot berishga ko’ndi, ammo sal keyin so’zidan qaytdi. Gazprom qishki o’yinlar uchun katta miqdorda sarmoya kiritgan muassasalardan biri va uning nazoratida olib borilayotgan qurilishlarni tasvirga olishni cheklamoqda.
Sochi bir qarashda Olimpiya g’ururi bilan yashayotgandek, ammo mahalliy odamlarni suhbatga tortsangiz, ular g’urur emas, boy va xasis biznesmenlar, poraxo’r amaldorlardan qanchalik norozi ekani haqida to’lib-toshib gapiradi. Odamlar ularning manfaatini ko’zlamaydigan rasmiy buyruqlardan to’yib ketgan.