BMT Atom boshqarmasi Eronning yadroviy faoliyatini tekshirishda davom etmoqda. Boshqarma vakili Olli Geynonen 28 aprel kuni Tehronga tashrif buyuradi. Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejodning aytishicha, muzokara o’z yo’liga, lekin Tehron atom dasturini davom ettiradi.
AQSh qonunchilari esa Eronga nisbatan bosimlar qanchalik samara berayapti deya Bush ma’muriyatini savolga tutmoqda.
AQSh davlat kotibi muovini Jeffri Feltmanning tushuntirishicha, AQSh Eronga BMT Xavfsizlik Kengashi orqali hamda yakka tartibda sanksiyalarni ishga solib bosim o’tkazmoqda. Bir paytning o’zida Tehronga siyosiy, iqtisodiy va texnologik yordam taklif etilyapti.
Lekin ba’zi qonunchilar nazarida Eron bilan to’g’ridan-to’g’ri, hech qanday shartlarsiz muzokara qilgani ma’qul.
Oq uy rasmiylari “Tehron uran boyitishni vaqtincha to’xtatsin, so’ng muzokara qilamiz” deb keladi. Kongressdagi respublikachilar bu strategiyani quvvatlab, hatto shartlarni ko’paytirish kerak demoqda. Demokrat qonunchilar faqatgina sansksiyalar ish berishiga ishonmaydi.
Tanqidlarga javoban AQSh davlat kotibi muovini Patrisia Maknerni “sanksiyalar natijasida Eronning yangi texnologiya va jihozlarni xarid qilish imkoniyati cheklangan”, - deydi. AQSh xalqaro moliyaviy tashkilotlarni ham Eron bilan ishlamaslikka undab keladi.